Prezident Donald Tramp Rossiyaga doir tergovga halaqit bergani yuzasidan tekshiruv ostida va bundan g'azabda. Tekshiruvni FBR sobiq rahbari Robert Myuller olib bormoqda. Bu orada, Kongressdagi respublikachilar prezidentni har jihatdan qo'llab-quvvatlamoqda.
Prezident Tramp Oq uyda so'zlar ekan, shu hafta Virjiniyadagi otishmada yaralangan qonunchi Stiv Skaliz va boshqalar tezroq shifo topishiga umid bildirdi.
"Fikru xayolimiz Skalizlar oilasida", - deydi u.
Bu orada, "Twitter" tarmog'ida qilgan chiqishida Tramp g'azabini yashirmayapti. U Rossiyaga doir tergovga halaqit bergani haqidagi da'volar bois tekshiruvga tutilganidan juda norozi.
“Amerika siyosiy tarixida jodugar ovining eng kattasiga guvohsiz va bu ishga juda ham yomon odamlar qo’l urmoqda”, - deb yozdi Tramp.
Prezident Rossiya bilan bog'liq tergovni boshidan rad etib keladi va tarafdor respublikachilardan dalda izlamoqda.
"Bizga hujum qilishayapti. Buni tushunib turibsiz. Biroq oqibatda har qachongidan hamjihat bo'lib g'alaba qilamiz", - deydi prezident.
Demokratlar esa Trampni zo'r berib siquvga olayapti. Merilenddan qonunchi Elayja Kammings.
"Demokratiya uchun kurashayapmiz. Bu kurashni boy bera olmaymiz", - deydi u.
Bunga javoban respublikachilar prezidentning atrofida birlashayapti.
"Tramp hokimiyatga endi keldi, tajribasizlik qilishi tabiiy. U Adliya vazirligi, FBR va Oq uy o'rtasidagi muomala tartibidan, protokoldan bexabar, buni tushunsa bo'ladi", - deydi Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan.
Ayrim respublikachilar nazarida prezidentning chiqishlari partiyaning o'ziga ziyon qilayapti. Pensilvaniyadan kongressmen Charli Dent.
"Nuqul "Twitter"da janjal", - deydi u. "Rossiya haqidagi xabarlarga bosiqlik bilan munosabat bildirishni o'rganishi kerak", - deydi kongressmen.
Prezidentga impichment e'lon qilinishi ehtimoli haqida taxminlar bor.
Biroq Kongressning har ikki palatasida respublikachilar hukmron ekan, impichment bo'lishi gumon, deydi ekspert Kris Edelson.
"So'rovlarda Trampning reytingi past, ayrim respublikachilar uni xushlamaydi. Ammo Kongress prezident bilan orani uzishga qaror qilmaguncha, Tramp pinagini buzmasa bo'ladi", - deydi tahlilchi.
Facebook Forum