AQSh Adliya vaziri Jeff Seshns Trampning Federal qidiruv byurosi sobiq direktori Jeyms Komi bilan munosabatlari va Tramp saylov shtabi vakillarining Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvlari xususida Senatda qonunchilar savollariga javob berdi.
O'tgan hafta Komi Senat tinglovida qatnashganida adliya vazirining Rossiya rasmiylariga aloqadorligiga sha'ma qilgan edi. Komi tinglovning matbuot uchun ochiq bo'lgan qismida bu haqda batafsil so'zlashdan bosh tortdi. Shundan so'ng Senat Razvedka qo'mitasi Seshnsni tinglovga taklif qildi, vazir qonunchilar iltimosini yerda qoldirmadi.
Fevral oyida Adliya vazirligiga kelishdan oldin 70 yoshli Seshns Respublikachilar partiyasidan Senatda Alabama shtati vakili edi. U noqonuniy immigratsiya, shaharlardagi zo'ravonlik, narkosavdogarlarga qarshi kurashni avj oldirdi. Seshns Trampning immigratsiya va xavfsizlikka doir qarashlari bilan hamfikr.
Adliya vaziri va bosh prokuror sifatida ish boshlashi bilanoq Seshns Barak Obama prezidentligi davrida qabul qilingan siyosatdan voz kecha boshladi, xususan, federal hukumatning xususiy qamoqxonalardan foydalanish siyosatini tiklash tarafdori ekanini bildirdi. Obama ma'lum muddat ichida bunday amaliyotga chek qo'yishni buyurgan edi.
Qo'shma Shtatlar Rossiyani o'tgan yilgi prezident saylovlariga aralashganlikda ayblarkan, Tramp ma'muriyatidagi ayrim mulozimlarning rus rasmiylari hamda elchisi bilan xufyona uchrashuvlari tergov qilinmoqda.
Seshns yanvar oyida Senatdagi tinglovda ruslar bilan saylov kampaniyasi paytida uchrashmaganini aytgan edi, biroq mart oyida bu gaplaridan qaytib, elchi Sergey Kislyak bilan ikki bor ko'rishganini tan oldi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uning mamlakati Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi ayblovlarni safsata deb, 2016-yil noyabrida o'tgan saylovlarda mag'lub bo'lgan taraf (Xillari Klinton va uning tarafdorlari) shunchaki Trampdan o'ch olish uchun Rossiya omilidan foydalanishayotganini aytdi.
Unga ko'ra, Rossiya elchisining AQSh rasmiylari bilan uchrashayotgani favqulodda holat emas, balki elchining ishi bo'lib, Amerika elchilari ham Rossiya rasmiylari bilan uchrashib turadi.
Facebook Forum