AQSh Federal qidiruv idorasining sobiq rahbari Robert Muller o'tgan yilgi prezident saylovlariga Rossiyaning aralashuvi yuzasidan tergovga bosh-qosh bo'ladi.
Saylovlar chog'ida Donald Tramp kampaniyasi va Moskva o'rtasida oldi-berdi bo'lganmi?
FBR sobiq rahbari Robert Muller ana shu savolga javob izlaydi.
Adliya vaziri muovini Rod Rozenstayn chorshanba kuni shu haqda e'lon qildi.
Oq uy esa Tramp va chet davlati diplomatlari o'rtasida hech qanday muloqot bo'lmagan deya uqtirmoqda.
Joriy hafta Oq uy yana janjal domida qoldi. Tramp FBR sobiq rahbari Jeyms Komini Milliy xavfsizlik bo'yicha sobiq maslahatchi Mayk Flinga qarshi tergovni to'xtatishga da'vat etgani haqida xabarlar bor.
Bu esa Tramp Federal qidiruv idorasi ishiga aralashgan, Tramp kampaniyasi va Rossiya o'rtasidagi aloqaga doir tergovni yopti-yopti qilishga uringan degan da'volarni yanada avj oldirdi.
Kongress Mullerning nomzodidan mamnun.
Sobiq prokuror Muller tergovga bo'lgan ishonchni tiklashiga umid bor, deydi respublikachi tahlilchi Evan Zigfrid.
"Robert Muller Adliya vazirligi va FBRdan mutlaqo xoli. O'zining byudjeti bor, o'zining xodimlarini tayinlashi mumkin. FBRni yaxshilab silkitishi mumkin. Adliya vaziri muovini bergan vakolatlar bilan tergovni mustaqil olib borishi mumkin", - deydi tahlilchi.
Bu orada, Federal qidiruv byurosining sobiq direktori Jeyms Komi Kongressdagi tinglovda ko'rsatma berishga taklif qilindi.
"Tramp birinchi yuz kuni nihoyatda samarali va muvaffaqiyatli bo'lishini aytib maqtangan edi", - deydi Zingfrid. "Ammo ochig'i, Amerika ahli hali yangi prezident ilk yuz kunida shuncha janjal va baloga qolganini ko'rgan emas edi", - deydi tahlilchi.
Facebook Forum