Amerika rahbari Donald Trampning ta'kidlashicha, uning saylovda g'alaba qilishi va Rossiya hukumati o'rtasida hech qanday bog'liqlik yo'q. U "NBC" telekanali bilan shu haqda gaplashdi.
Tramp hafta boshida Federal qidiruv idorasi rahbari Jeyms Komini ishdan oldi. Prezidentning aytishicha, FBR parokanda bir ahvolda edi.
"Jeyms Komi maqtanchoq. U xo'jako'rsinga, ko'z-ko'z qilishga usta. Federal qidiruv idorasida janjal, to'polon hukmron edi, buni bilasiz. Hamma biladi buni. Bir yil oldin ham ahvol shu edi", - deydi prezident.
Oq uy Komining ishdan olinishi FBR Rossiyaning Amerikadagi saylovlarga ta'sirini tergov qilayotgani bilan bog'liq emas, deya uqtiradi. Trampning kampaniyasi Rossiya bilan oldi-berdi qilgani haqida da'volar tergov qilinar ekan, Tramp bu da'voni qat'iyan rad etadi. Prezident tergov xolis olib borilishi tarafdori ekanini aytmoqda.
Trampning aytishicha, Rossiya va uning o'rtasida biror aloqa yo'q. Ruslar saylovga ta'sir qilmagan, deydi u.
Biroq prezident FBR rahbarini ishdan haydash qarori tergovda aks etishi mumkin ekani haqida o'ylaganini tan olmoqda.
Trampning yordamchilarining so'zlariga qaraganda, bu qarorni qabul qilishda prezident adliya vaziri muovini Rod Rosenstaynning maslahatiga quloq tutgan.
Prezident FBRning tergoviga aralashdi, degan da'voni Tramp inkor etadi. Prezident o'z qarori bilan idoraning keyingi rahbarini ogohlantirdi, toki Tramp kampaniyasi va Rossiya o'rtasidagi aloqalar mavzusiga tegilmasin, degan da'voni ham Tramp rad etayapti.