Breaking News

Xavfsizlik bo'yicha rasmiylar: Shaxsiy daxlsizlik mutlaq huquq emas


Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi
Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi

AQSh rasmiylari xavfsizlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi o'rtasida munosib muvozanatni topish uchun jamoatchilikni muloqotga chorlamoqda. Vashingtonda o'tgan yillik sammitda xavfsizlik va razvedka bo'yicha mulozimlar mutlaq shaxsiy daxlsizlik jamoatchilik manfaatlariga to'g'ri kelmasligini, terror va kiber jinoyatlarga qarshi kurash shuni taqozo etishini ta'kidladi.

Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komi shaxsiy ma'lumotlarini yashiruvchi fuqarolarni tushunishini aytadi.

"Narsalarimga ko'z tashlashlarini xohlamayman. Bank va sog'liqqa oid ma'lumotlarimga kimdir qarashini istamasdim", - deydi u.

Ayni paytda jamoat xavfsizligi haqida ham qayg'uraman va ikkisi ba'zan to'qnash keladi, deydi Komi. Unga ko'ra, xavfsizlik bo'yicha rasmiylar va huquq faollari bunga yechim topish uchun konstruktiv muloqot boshlashi kerak.

"Bir-birimizni yomon qilib ko'rsatishni, buning iloji yo'q deyishni; buni yoki uni yo'q qilyapsizlar, deb aytishni bas qilaylik. To'g'ri, qarashlarimiz zid, lekin buni hal qilish uchun nima qila olishimizga e'tibor beraylik", - deydi Komi.

Rasmiyga ko'ra, shaxsiy daxlsizlik hech qachon mutlaq huquq bo'lmagan.

"Asoschilarimizning qarashi shunday bo'lgan: Narsalaringiz AQSh xalqiga kerak bo'lmaguncha shaxsiy hisoblanadi", - deydi u.

Milliy xavfsizlik boshqarmasi direktori admiral Maykl Rojersga ko'ra, tomonlar birga muloqot olib borsa, yechim topsa bo'ladi.

"Bu masala xususida hissiyotlarga ko'p berildik. Shu bois jiddiy muloqot olib bormadik. Nima qilish mumkinligi haqida gaplashmayapmiz", - deydi u.

Rojersning aytishicha, muhokamalarda fuqarolar haqida ma'lumot to'plashning siyosiy va texnik jihatlari qamrab olinishi kerak.

"Nima qila olamiz? Bu texnik savol. Masalaning huquqiy tomoni qanday bo'ladi? Muhokamaning ikkinchi muhim savoli bu nima qilishimiz kerak?" - deydi rasmiy.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Brennan munozaraga tez yechim topish kerak, deydi.

"Kelajakda elektron muhit xavfsiz va rivojlangan bo'lishiga yordam berishni istasak, xususiy sektor qo'lidagi bu soha jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashi kerak. Buni qanday amalga oshirishni biz AQShda boshlab berishimiz mumkin", - deydi u.

Ikki kunlik sammitda AQSh hukumati va harbiylarining xavfsizlik bo'yicha yetakchi rasmiylari hamda ta'lim va texnologiya sohasi vakillari qatnashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG