Vashington politsiyasi o'tgan oy Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning poytaxtga tashrifi paytida namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan 14 odamni hibsga olish uchun qaror chiqardi. Ular orasida turk xavfsizlik agentlari ham bor.
"Voqea tasvirlangan videoni o'rganib, mushtlashuv ishtirokchilarining aksariyiatining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo'ldik", - dedi Vashington shahar politsiyasi boshlig'i Piter Nyuzxem.
13 erkak va bir ayol qidiruvga berilgan, ikkisining AQSh fuqarosi ekani aytilmoqda.
Politsiya janjal qilgan boshqa odamlarning suratlarini jamoatchilikka e'lon qilib, ularning shaxsini aniqlashda yordam so'ramoqchi. Hozircha ikki odam hibsga olingan - Sinan Narin Virjiniyada, Ayub Yildirim ismli odam esa Nyu-Jersida.
Ularning kimligi hozircha noma'lum.
Vashingtondagi bu noxush voqea sabab AQSh va Turkiya aloqalariga sovuqlik tushgan. AQSh hukumati turk agentlarining harakatlaridan tashvishda ekanini bildirdi. Erdog'anning Oq uyda Prezident Tramp bilan uchrashuvidan so'ng Turkiya elchisining uyi tashqarisida ro'y bergan ur-yiqitda 11 kishi jarohat olgan edi.
Turkiya elchixonasi namoyishda qatnashganlarning bir qismi AQSh va Turkiya tomonidan terrorchi deb belgilangan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador ekanini aytib, xavfsizlik agentlari o'zini himoya qilishga majbur bo'lganini ta'kidladi.
Facebook Forum