Yopiq eshiklar ortida bir necha hafta davom etgan muzokara ketidan Senatdagi respublikachilar o'zining tibbiy sug'urta dasturini e'lon qildi.
Respublikachilar shu bilan Obama davrida ishga tushgan tizimni bekor qilmoqchi. Biroq yangi taklif ham demokratlar, ham ayrim respublikachilarning tanqidiga uchradi.
Prezident Donald Tramp "Tvitter" tarmog'idagi chiqishida Senat olg'a surgan tashabbusni maqtadi.
Ammo Vashington yaqinidagi "Reygan" aeroportida odamlar loyihaga qarshi namoyishga chiqib, senatorlarga savol yog'dirmoqda.
"Odamlar tibbiy sug'urtali bo'lishga haqli. Bu uzviy huquqdir. Tibbiy sug'urta uchun soliq imtiyozlari havola qilinishi kerak. Daromadi qancha bo'lishidan qat'i nazar, fuqaro tibbiy sug'urtaga haqli", - deydi Barbra Birden ismli namoyishchi.
Senat taklifiga ko'ra, amerikaliklar tibbiy sug'urta sotib olishi shart degan talab bekor qilinadi, soliq imtiyozlari sekin-asta olib tashlanadi va kam ta'minlangan oilalar uchun mo'ljallangan "Medicaid" dasturi uchun moliya qisqarib boradi.
Tibbiy sug'urta Amerika iqtisodining oltidan bir qismini tashkil etadi.
Qonun loyihasi ma'qullanishi uchun 52 respublikachi senatordan 50 nafari uni yoqlashi kerak. Hozircha to'rt respublikachi yo'q deb turibdi.
Facebook Forum