Kongressdagi respublikachilar yillar davomida "Obamacare" nomli sog'liqni saqlash dasturini bekor qilishini aytib keldi.
Prezident Obama davrida ishga tushgan loyiha mamlakatda sug'urtasi yo'q minglab insonlarni sug'urta bilan ta'minladi.
Shu hafta quyi palatadagi respublikachilar amaldagi qonunga muqobil, biroq hatto partiyaning o'ziga yoqmaydigan, xom loyihani olg'a surdi.
Yangi tashabbusda eski dasturning aksariyat jihatlari saqlanib qolgan. Demokratlar esa kam ta'minlangan oilalar sug'urtasiz qolmasin, deya ogohlantiradi.
Yangi taklif surg'urta olmaganlarga jarimani sekin-asta bekor qilib boradi. Shuningdek, yo'qsil oilalar uchun davlat moliyalagan tibbiy sug'urta - "Medicaid" dasturi kengayishini to'xtatadi.
Prezident Donald Tramp taklifni "ajoyib" deya ta'riflab, quyi palatadagi respublikachilarni uni tezroq ma'qullashga chaqirdi.
"Juda murakkab bir jarayon. Shu bilan birga, nihoyatda puxta tibbiy sug'urta bu", - deydi prezident.
Demokrat qonunchilar loyihaga qat'iyan qarshi. Ular nazarida yangi tashabbus boylarga soliq imtiyozlari berib, yo'qsillar uchun sug'urtani kamaytiradi.
Ayrim demokratlarning aytishicha, dasturga kiritilgan tuzatish sug'urta kompaniyalari rahbarlariga soliq imtiyozlari havola qilib, bu soliq to'lovchiga 450 million dollarga tushadi.
Ozchilik demokratlar sardori Nensi Pelosi respublikachilarni shoshayotganlikda, loyiha to'liq tahlil qilinishiga imkon bermayotganlikda aybladi.
"Nimani yashirmoqchisiz? Sug'urtasiz qoladigan odamlar soninimi? 5, 10, 15, 20 million odam sug'urtasiz qolsachi?" - deya norozi Pelosi.
Amerikadagi kasalxonalar va shifokorlar guruhlari yangi taklif sog'liqni saqlashga doir xarajatlarni oshirib, ko'plab bemorlarni sug'urtadan voz kechishga majbur qiladi, deydi.