Prezident birdamlik haqida avvalroq gapirishi kerak edi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan amerikaliklar Donald Trampning seshanba kungi chiqishidan so'ng.
Tramp tarqoq Qo’shma Shtatlarni birlashishga va Amerika ruhiyatini tiklashga chaqirdi. Kongressning har ikki palatasiga murojaatida prezident davlat iqtisodiyotini jonlantirish, chegaralarni mustahkamlash, armiyani kuchaytirib, sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish rejasini bayon qildi.
“Barcha amerikaliklar muvaffaqiyat qozonsin deyman. Lekin qonunlari ishlamaydigan, beqaror yurtda bunga erishib bo’lmaydi. Yurt birdamligi, chegaralar mustahkamligini ta’minlashimiz lozim. Shu bois ham tez orada janubda buyuk, buyuk bir devor qurishga kirishamiz”, - dedi Tramp.
U buyuk Amerika tarixida yangi sahifa ochishini, soliqlarni isloh qilib, AQSh ishchilari uchun yaxshiroq savdo bitimlari imzolashini va Prezident Obamaning sog’liqni saqlashga doir dasturini bekor qilishini aytmoqda.
Tramp davlatni terrorchilardan himoya qilishga va’da berayapti. Shu bilan birga, jahon bilan yaqindan, mazmunli muloqotga zo’r bermoqchi.
“Amerika yangi do’stlar orttirishni, yangi hamkorlar bilan ishlashni, mushtarak maqsadlar yo’lida ittifoqchilik qilishni istaydi. Farovonlik istaymiz, adovat emas”, - dedi Tramp.
Prezident ziddiyatli saylovlar ketidan o’lkani birdam bo’lishga, Amerika ahlini keng fikrlashga da’vat etdi.
“Tor o’ylaydigan paytlar o’tdi. Bema’ni janjallarni unutaylik. Dillarni shod qiladigan, buyuk orzularga intilaylik. Bir shijoat qilaylik”, - dedi prezident.
Kentuki shtati sobiq gubernatori Stiv Beshir demokratlar nomidan Trampga javob qilar ekan, “Obamacare” nomli sog’liqni saqlash tizimini bekor qilish, immigratsiyani cheklash rejasini tanqid qildi.
“Prezident immigratision qonunlar ijrosini ta’minlashi kerak. Biroq biz Amerikani azaliy qadriyatlarimizni oyog’osti qilmagan holda, urush va terrordan qochayotganlarni ko’ksidan itarmagan holda, oilalarni bir-biridan ajratmagan holda, xorijda jang qilayotgan askarlarimiz hayotini xavf ostiga qo’ymagan holda himoya qilishimiz ham mumkin”, - dedi gubernator.
Oddiy amerikaliklar Tramp rejasi haqida nima deyapti? Texaslik muallim, urush faxriysi Jeff Olsen prezidentdan eshitganlaridan mamnun.
“Oldinroq mana shunday chiqish qilishi kerak edi. Barchamiz amerikalikmiz. Amerikaning manfaatlarini o’ylaymiz. Bugun prezident nihoyat birdamlikka urg’u bergani ma’qul ish bo’ldi”, - deydi u.
Ayovadan Jon ismli suhbatdosh Trampga ovoz bermagan. Lekin umidvorman, deydi u.
“Respublikachi emasman. Tramp yoqmaydi menga. Lekin imkon berishga tayyorman. Saylovda g’olib bo’ldimi, demak uni qo’llab, ishini bajara olishiga umid qilishdan boshqa iloj yo’q”, - deydi Jon.
Pit Xarvan saylovda Xillari Klintonning tarafdori edi.
“Soliqlarni kamaytirmoqchi-ku! Qanday qilib infratuzilmani tiklamoqchi unaqada? Infratuzilmani qayta qurish uchun soliqlarni oshirish kerak, boylarga soliqlarni oshirish kerak”, - deydi Pit Xarvan.