Breaking News

AQSh Senatidan Rossiyaga yangi sanksiyalar


15-iyun kuni AQSh Senati Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalarni ma'qulladi. Bir ovozdan tasdiqlangan qaror Prezident Donald Tramp maqsadlariga erishish yo'lida yana bir to'siq. Tramp Kreml bilan aloqani yaxshilashga bel bog'lagan.

“Vaqtni boy bera olmaymiz", - deydi respublikachi senator Jon Makkeyn.

“Qo'shma Shtatlar Prezident Vladimir Putinga shuni aniq bildirishi kerakki, biz uning agressiv harakatlariga toqat qilmaymiz. Demokratiyamizga qarshi ishlariga tegishli javob beramiz", - deydi Makkeyn.

“Biz o'z saylov jarayonimizning buzilishiga yo'l qo'ymaymiz. Bunday ishlar takrorlanmasligi zarur", - deydi demokrat senator Jin Shahin.

Yangi sanksiyalar Rossiyaning kiber-xurujlarda gumon qilingan agentliklari, energetika sektori, ichki va tashqi moliyaviy tizimlari va Suriyaga qurol yetkazuvchi yo'llariga to'siq qo'yadi.

Demokrat senator Ben Kardin deydiki, yangi paket izchil bo'lib, Kreml va unga yaqin obyekt vat subyektlarning imkoniyatlariga zarba beradi.

Ayni damda Vakillar Palatasi bu masalani ko'rib chiqmoqda. U yerda qonunchilar Rossiyani jazolash haqida Senatdagidek hamfikr emas. Qizg'in tortishuvlar kechmoqda.

Oq uy nazarida yangi sanksiyalar AQShga Rossiya bilan aloqani iliqlashtirishni yanada qiyinlashtiradi.

“Prezident bu sanksiyalarni o'zgartira olmaydi, ularni olib tashlashga haqqi yo'q va bosh egishga majbur", - deya eslatmoqda senator Kardin.

O'tgan yili, Barak Obama prezidentligining so'nggi pallasida, Amerika Rossiyaning bu mamlakatdagi ayrim mulklarini tortib olgan. Musodara qilingan joylar Tramp ma'muriyati tomonidan qaytarilishi mumkin. Ko'plab qonunchilar bunga jon-jahdi bilan qarshi. Rossiya AQShga qarshi kiber va boshqa turdagi hamlalarni hamon davom ettirmoqda, deydi Kongress a'zolari.

Nufuzli senatorlar Makkeyn va Chak Shumer fikricha, Vashington Kremlni jazolashni to'xtatmasligi lozim. Respublikachi va demokrat qonunchilarga ko'ra, bu borada partiyalar yakdil, deydi

Yangi sanksiyalar kuchga kirishi uchun Kongressdan butunlay o'tgan qonun loyihasiga Oq uyda prezident imzo chekishi kerak.

Bu hujjatda, shuningdek, Eronga nisbatan yangi sanksiyalar ham nazarda tutilgan. Qonunchilar nazarida Tehron yadroviy maqsadlaridan qaytmagan, man etilgan qurollarni yaratish jarayonini va ularni sinab ko'rishdan to'xtamagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG