Breaking News

Shimoliy Koreya AQSh bilan oxirgi diplomatik aloqa kanalini uzdi


Pxenyan ko'chalari
Pxenyan ko'chalari

Shimoliy Koreya Qo'shma Shtatlar bilan oxirgi aloqa kanalini ham uzishga qaror qildi. Pxenyan shu bilan Vashington Kim Chen Unga inson huquqlari bois sanksiya qo'yganiga javob qilmoqda.

Shu paytgacha barcha muloqot BMTning Nyu-Yorkdagi idorasi orqali olib borilayotgan edi.

O'tgan hafta Amerika Kim va yana bir necha rasmiyga sanksiyalar joriy etgan edi. Mamlakat yadroviy tadqiqotlari uchun shundoq ham qator sanksiyalar bilan jazolangan.

Bu orada, AQSh Janubiy Koreyada murakkab, zamonaviy raketa tizimini joylash rejasini e'lon qilgach, shimol qarshi chora ko'rishini aytgan.

THAAD rusumli sistema Pxenyan amalga oshirgan raketa va yadro sinovlaridan himoya sifatida ko'rilmoqda. Sistema Koreya yarimorolining qayeriga, qachon o'rnatilishi aytilmayapti.

Shimol matbuoti odatdagi dag'dag'ali bayonotni e'lon qilar ekan, "Buyruq kelgani zahoti armiyamiz Janubning kulini ko'kka sovurishga shay" degan. THAAD qayerda joylashgani ayon bo'lgach, darrov nishonga olinadi, deyiladi bayonotda.

Xitoy va Rossiya ham bu raketa mudofaa tizimi yarimorolda o'rnatilishiga qarshi.

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gin Xening aytishicha, tizimdan maqsad Shimoliy Koreyadan himoyalanish va biror boshqa davlatga qarshi qaratilmaydi.

Shimoliy Koreya o'tgan hafta suvosti kemasidan raketani uchirgan. 10 kilometr parvoz qilgan raketa suvga qulagan. Aprel oyidagi sinov ham shu kabi yakunlangan edi. G'arb tahlilchilari esa har bir mana shunday muvaffaqiyatsiz sinov Pxenyanni yutuq sari yetaklaydi, deya ogohlantirmoqda.

Suvosti kemasidan turib qilingan sinov THAAD tizimi o'rnatilishiga doir xabar ketidan amalga oshirilgan.

Shimolning yaqin ittifoqchisi Xitoy esa Prezident Kimni xalqaro muzokaralarga qaytishga, yadro dasturini tugatishga undamoqda. Evaziga Pxenyan iqtisodiy yordam bilan ta'minlanadi va xavfsizlik bobida kafolatlar oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG