Shimoliy Koreya juma kuni o'rta masofaga uchadigan ballistik raketani sinagan, jarayon muvaffaqiyatsiz yakunlangan. Lekin tahlilchilar nazarida bu mag'lubiyat emas, balki harbiy tadqiqotlarning bir qismidir.
Kommunistik mamlakat yadroviy dasturi ustida jadal ishlayotganidan, dushman sifatida ko'radigan Amerika obyektlariga zarbalar berish qarorida qat'iy ekanidan nishona bu, deydi olimlar.
Ekspertlarning taxminicha, Shimoliy Koreya sinagan raketa o'rta masofaga uchadigan ballistik raketadir.
Bunaqasi avval sinovdan o'tkazilgan emas. Bu raketa Amerikaning Yaponiyadagi harbiy bazalariga yetib borishga qodir ekani aytiladi.
Pxenyan shu tariqa kommunistik davlat asoschisi Kim Ir Senning tavalludini nishonlamoqchi bo'lgan.
Qashshoq Shimoliy Koreya BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalariga qaramasdan, raketa va yadro qurollarini bot-bot sinab kelmoqda.