Prezident Barak Obamaning aytishicha, Amerika Shimoliy Koreya tahdidiga qarshi mudofaa choralarini ko'ra boshladi.
"Bu mamlakatni yadro dasturini tugatishga undagan holda har qanday tahdiddan himoya choralarini ham ko'rayapmiz", - dedi Obama.
Shimoliy Koreya muammosini oson hal qilish mumkin emas, deydi u.
"Bu davlatni bir zarba bilan mag'lub etishga qodirmiz. Lekin buning gumanitar asoratlari g'oyat og'ir bo'ladi. Buning ustiga, shundoq yonida ittifoqchimiz Janubiy Koreya joylashganini esdan chiqarmaylik", - deydi prezident.
Kecha, seshanba kuni Janubiy Koreya matbuoti shimol o'rta masofaga uchadigan ballistik raketani sinashga hozirlik ko'rayotganini aytgan edi. Bu raketalar Amerikaning Tinch okeanidagi harbiy inshootlariga yetib borishga qodir.
Pxenyan 15-aprelda mamlakat asoschisi Kim Ir Senning tavallud kunida ham yana bir raketani uchirishga uringan, biroq sinov muvaffaqiyatsiz tugagan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yanvarda qashshoq Shimoliy Koreyani yadro va raketa sinovlari uchun kuchliroq sanksiyalar bilan jazoladi. Buning ketidan Pxenyan raketalar sinoviga zo'r berdi.
Tahlilchilarning aytishicha, Kim Chen Un bu kabi xatti-harakat bilan qudratini namoyish qilishga urinmoqda.