AQShda prezidentlikka da'vo qilayotgan respublikachi arboblar seshanba kungi tanlovdan oldin teledebatda qatnashdi. Shanba kuni Nyu-Gempshir shtatida o'tgan tadbirda tashqi siyosat xususida bahs ketdi.
Ikki kundan so'ng shu shtatda respublikachi va demokrat nomzodlar partiyaviy saylovlarda qatnashadi. Ba'zilari tanlovdan so'ng poygadan chiqishi ham mumkin.
Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi debat chog'ida Florida shtatidan senator Marko Rubioga hujum qildi.
“Uning AQSh prezidenti bo'lishi uchun, to'g'ri qarorlar qabul qilishi uchun tajribasi yo'q", - dedi Kristi Rubio haqida.
Unga ko'ra, yosh senator saylov kampaniyasi davomida ishlatiladigan qisqa chiqishlarini takrorlashdan boshqasiga yaramaydi, Kongressda esa biror yutuqqa erishmagan.
Biroq Rubio gubernatorning ayblovlariga javob bermasdan tanqidini Prezident Barak Obamaga qaratdi.
"Obama Amerikadagi tizimni o'zartirmoqchi", - dedi u.
Respublikachi nomzodlar orasida peshqadam, tadbirkor Donald Tramp noqonuniy immigratsiya, jumladan AQSh-Meksika chegarasida devor qurish rejasiga to'xtaldi, "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashni kuchaytirishini bildirdi.
"Ularni neft manbalaridan ayirish kerak", - dedi Tramp.
Uning aytishicha, terrorchilikda gumon qilinib, qo'lga olingan mahbuslardan qimmatli ma'lumotlarni olish uchun ularga nisbatan qattiqroq so'roq usullarini ishlatish kerak.
Texaslik senator Ted Kruz ham mamlakat xavfsizligi uchun turlicha tergov usullariga ruxsat berishini aytdi.
Kruz hafta boshida Ayova shtatidagi tanlovda g'olib bo'ldi. Biroq Nyu-Gempshirda so'nggi so'rov natijalariga ko'ra, Tramp oldinda.
Demokratik partiyadan nomzodlar orasida esa senator Berni Sanders Ayovada g'olib bo'lgan sobiq davlat kotibi Xillari Klintonni Nyu-Gempshirda mag'lub etishi mumkin. Shu kunlarda ular shtatdagi saylovchilari bilan uchrashmoqda.