Breaking News

Qo'shni yurtlardagi o'zbekistonlik talabalar o'qishini vataniga ko'chirmoqchi


O'zbekistonga o'qishini ko'chirishga urinayotgan talabalar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00

Qirgʻizistonda oʻqiyotgan oʻzbekistonlik talabalar ommaviy ravishda oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirish harakatida. Bunga Oʻzbekiston Taʼlim vazirligi tomonidan 6-fevralda chiqqan buyruq sabab boʻlgan. Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy Telegram kanalida tarqatilgan maʼlumotga koʻra, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistondagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonliklarga oʻqishini oʻz respublikasidagi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirishga ruxsat berilgan.

Buning uchun talabalardan pasport nusxasi, ariza, reyting daftarchasi yoki akademik maʼlumotnoma nusxasi talab qilinadi, xolos. Ular hech qanday sinovlarsiz Oʻzbekistondagi oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinadi, deyiladi vazirlik tarqatgan maʼlumotda.

Ba’zi ommaviy axborot vositalari oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirmoqchi boʻlganlarga Oʻshdagi oliy oʻquv yurtlari hujjatlarni bermayotgani haqida yozishgan. Ammo talabalar hozirda bu borada biror muammoga duch kelmayotganini aytmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan talabalardan biri Husniddin Ismoilov Oʻsh Davlat universitetining tibbiyot fakultetida oʻqiydi. U Oʻzbekiston taʼlim vazirligi talab qilgan barcha hujjatlarni topshirib, Toshkentdagi oliygohlardan birida oʻqishini davom ettirishga umid qilmoqda.

“Boshida hujjatlarga muhr bostirish qiyin boʻldi. Lekin hozir yaxshi, hamma hujjatlarini tayyorlab, Oʻzbekistonga olib borib topshiryapti. Kecha deyarli koʻpchilik hujjatlarini topshirib keldi. Endi Oʻzbekiston tomondan oʻqishga qabul qilinganimiz haqidagi buyruqni kutyapmiz. Ungacha shu yerni talabasimiz, oʻqib turishga majburmiz”, - deydi u.

Qirgʻiziston oliy oʻquv yurtlarining rasmiylari Oʻzbekistondan kelgan talabalar oʻqishini koʻchirish harakatida yurishganini tasdiqladi. Ammo Qirgʻiziston qonunlariga koʻra o’qishni birinchi kursdan koʻchirish mumkin emas, deydi Oʻsh Texnologiya universiteti matbuot kotibi Ramiz Idrisov.

Uning aytishicha, hozirda oʻzbekistonlik birinchi bosqich talabalariga akademik maʼlumotnomadan tashqari boshqa barcha hujjatlar berilyapti. Ammo akademik maʼlumotnoma birinchi kurs tugatilmaguncha berilmaydi. Universitet vakili, shuningdek, Oʻzbekiston elchixonasi ham toʻlaqonli maʼlumot bera olmayotganini qoʻshimcha qildi.

“Kecha Oʻzbekiston elchisi Bishkekdan kelib, Oʻshdagi talabalar bilan uchrashdi, ular ham shu maʼlumotlarni aytyapti. Ular ham qaror chiqqanini tasdiqlaganiga qaramay, bu ish qanchalik darajada amalga oshishi boʻyicha toʻliq tasavvurga ega emasliklarini aytishdi”, - deydi matbuot kotibi.

Oʻzbekistonlik talabalar mazkur qarorni sevinch bilan kutib olishgan boʻlsa-da, kutilmagan qaror ortidagi sabab nima ekanini bilmaydi.

“Ehtimol, chet elda tarqagan viruslar sabab boʻlgandir. Oʻshda oʻqiyotgan oʻzbekistonliklar koʻp, bu yerda toʻlayotgan shartnoma pulini oʻzimizda toʻlasak, davlat manfaatlariga toʻgʻri keladi. Balki shu sababdir”, - deydi Husniddin Ismoilov.

O’zbekistondan kelgan talabalar bilan suhbat davomida ma’lum bo’lishicha, ular ta’lim vazirligi talab qilgan hujjatlarni topshirib, natija qanday bo’lishini kutadi endi. Agar u yerda o’qish imkonini qo’lga kirita olishmasa, yana Qirg’izistonga qaytib kelishmoqchi.

Oʻzbekistonda oliy oʻquv yurtlariga kirish qiyin ekani va shartnoma haqqi ham nisbatan qimmat ekani sabab 10 mingdan ortiq oʻzbekistonlik yoshlar oliy taʼlimni Qirgʻiziston janubidagi oliygohlarda olishga qaror qilgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG