Breaking News

Tramp Hindiston bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish niyatida


Xalqaro hayot - 2020-yil, 21-fevral
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00

Xalqaro hayot - 2020-yil, 21-fevral

AQSh Prezidenti Donald Tramp va rafiqasi Melaniya Tramp 24-25-fevral kunlari Hindistonga tashrif buyurishi rejalangan. Oq uyning xabar berishicha, AQSh rahbari Dehli va Ahmadobodda bo’ladi. Tramp o’tgan hafta oxirida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefonda gaplashib, bo’lajak safari xususida fikr almashgan.

Tramp Hindistonga safari chog’ida ikki mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar, biznes imkoniyatlar va loyihalar xususida ham gaplashadi. Hindistonda iqtisodiy o’sish ayni paytda keskin sekinlashgan. Biroq aytish joiz, o’tgan yili o’sish sur’ati dunyoda eng ilg’orlardan bo’lgan. “Amerika Ovozi” yaqinda poytaxt Dehlidan 30 kilometr narida joylashgan va so’nggi yillarda yetakchi biznes va moliyaviy markazlardan biriga aylangan Gurugram shahrida bo’lib, u yerdagi iqtisodiy rivojlanish dinamikasi bilan tanishdi.

Oxirgi 15 yilda o’n minglab ishchi migrantlar Gurugramga borib, ko’p qavatli turar-joylar, idoralar, savdo markazlari qurilishlarida qatnashib, uxlab yotgan qishloqni gurkirayotgan shaharga aylantirdi.

Mardikorlarni, odatda, mana shu chorrahada yollashadi.

“Bu yerga birinchi kelganimda yaxshi pul topardim”, - deydi Javed Xon ismli mardikor.

Ammo vaziyat o’tgan bir yil ichida keskin o’zgardi – qurilish sektori sekinlashdi.

“Ish yo’q endi. Har kuni mingga yaqin odam shu yerda turadi, ammo faqat 30-40 kishini olib ketishadi. Qolganlarimiz esa quruq qo’l bilan uyga qaytamiz”, - deydi u.

Bu kunlik maoshga qarab qolgan odamlarga zarba bo’ldi.

“Xona ijarasi uchun 70 dollar to’lashim kerak, kundalik bozor-o’char bor. Imkonsizmiz hozir. Pul ishlamasak, hech narsaga yetmaydi-ku!” - deydi Reshma ismli ishchi ayol.

Iqtisodiy o’sish paytida o’n minglab o’rta sinf hindistonliklar qurilayotgan uylarga pul tikkan edi, biroq qurilish kompaniyalari kreditdan qiynalishi bilan loyihalar turib qoldi, sarmoyadorlar pul yo’qotmoqda.

Alpana Majumdar kvartirasi uchun salkam 50 ming dollar to‘lagan, uy besh yil oldin topshirilishi kerak edi, ammo haligacha tayyor emas.

“Uyni olganimdan so’ng ijaraga berib, pul qilishni rejalagan edim”, - deydi u.

Maoshlar va daromad kamayib, o’rta hol hindlar pulni tejab, kamroq xarj qiladigan bo’ldi. Buni do’kon egalari ham tasdiqlamoqda; avtomobillarga talab 20 yilda eng quyi nuqtaga tushdi.

Eksport hajmi ham kamayib, ko’plab fabrikalar yopilmoqda, ishsizlik kuchaymoqda.

“Birorta ish yo’q. Kompaniyalar yollayotgani yo’q”, - deydi Adarsh Kumar ismli odam.

Iqtisodchilar tanazzul uchiga chiqqanini aytadi.

“Mahsulotlarimizga xorijdan talab kamaygan, xonadonlarda ham talab past, xususiy sektor ham shu ahvolda. Iqtisodiyotning barcha sohalari tanazzulda, shunga umumiy iqtisodiy o’sish ham keskin tushgan”, - deydi iqtisodchi N.R. Bxanumurzi.

Hukumat qurilish va eksport sohalarini qayta jonlantirish uchun moliyaviy yordam ajratmoqda. Ammo o’zgarish vaqt oladi.

“Ko’rilayotgan choralarning ba’zilari iqtisodiyotning qayta tiklanishiga yordam berishi kerak, lekin bu o’zgarish salmoqchi bo’lishi lozim”, - deydi Bxanumurzi.

Demak, ishsizlikdan qiynalayotgan aholi bu natijani hali ancha kutishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG