Breaking News

Qozog'iston muxolifati vakili hibsxonada vafot etdi


Qozog'iston muxolifati vakili Dulat Ag’adil
Qozog'iston muxolifati vakili Dulat Ag’adil

Qozog’istonda hukumatga qarshi o’tgan noroziliklar paytida hibsga olingan faollardan biri Dulat Ag’adil qamoqda o'lgani xabar qilinmoqda. Ayni paytda yana 100 dan ortiq faollar hisbda.

Mamlakatdagi so’nggi hodisalar kuzatuvchilarda Qozog’iston inqilob yoqasida turgandek taassurot uyg’otmoqda.

Hukumatga qarshi noroziliklar ortida Nazarboyev sulolasining hokimiyatdan ketishini talab qilayotgan muxolif partiyalar va jamoatchilik faollari turgani ta’kidlanmoqda.

Norozilik aksiyalarini ayovsiz bostirayotgan hukumat xorijdagi muxolifat liderlarini ekstremizmda, mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarish harakatida ayblashda davom etyapti.

Politsiya Dulat Ag’adilning hibsda vafoti etishi uning salomatligi yomonlashgani bilan bog’liqligi, o’lim holati yuzasidan surishtiruv boshlangani haqida bayonot berdi.

Avval ham bir necha bor ma’muriy javobgarlikka tortilgan, turli tashabbuslari, aksiyalari bilan jamoatchilikka tanilgan faol Dulat Ag’adil 22-fevraldagi noroziliklar ortidan 24-fevralda hibs qilingan. U Nursultondagi hibsxonada vafot etganiga doir xabar 25-fevral kuni tarqalgan.

Muxolifat vakillari Ag’adil hibsda kaltaklab o’ldirilganini da’vo qilimoqda. Mamlakatda bir necha kundan beri ichki ishlar vaziri iste’fosi, Ag’adilning o’limiga aloqadorlarni jazoga tortish, namoyishlarda hibsga olinganlarni ozod qilish talab qilinayotgan norozilik chiqishlari bo’lib o’tmoqda.

22-fevral kuni o’tgan norozilik namoyishlari paytida hibs qilingan faollar taqdiriga jamoatchilik befarq emasligi, ijtimoiy tarmoqlarda hukumat tomonidan faollarga tayinlangan jarimalarni to’lash uchun aholidan ixtiyoriy yordam yig’ish aksiyasi o’tkazilayotgani ham kuzatiladi.

Jamoatchilik hibsdagi faollarga oziq-ovqat, boshqa zarur yordamlar ko’rsatayotganiga, norozilik chiqishi ishtirokchilari aholi tomonidan qo’llab-quvvatlanayotganiga doir xabarlar mavjud.

Yaqinda Jambil viloyatida sodir bo’lgan va 10 dan oshiq kishi qurbon bo’lgan etnik to’qnashuvlarni boshdan kechirgan Qozog’istondagi ijtimoiy vaziyat haqiqatda ancha taranglashgan ko’rinadi.

Avvalroq Qozog’istonda Xitoy ekspansiyasiga, hukumat Qozog’istonga boshpana izlab kelgan etnik qozoqlarni Xitoyga topshirayotganiga qarshi, Xitoydagi etnik qozoqlarning jazo lagerlaridan ozod etilishi talab qilingan yirik norozilik namoyishlari bo’lib o’tgan edi.

Bu namoyishlar ortidan ham muxolifatchilar, fuqarolik jamiyati faollari turishgan edi. Hukumat va fuqarolik jamiyati faollari o’rtasidagi munosabat esa bugunga kelib, ayniqsa jamoatchilik faolini hibsdagi vafoti ortidan ancha ziddiyatlashgan.

Mamlakatdagi so’nggi vaziyat, norozilikka chiqqan yuzdan oshiq faollarning hibsga olinishi, politsiya kuch ishlatayotgani, hibsdagilar jamoatchilik tomonidan qo’llab-quvvatlanayotgani Qozog’iston inqiloblar yoqasidan turgandek taassurot uyg’otadi.

Fuqarolik jamiyati faollarining amaldagi hukumatga nisbatan noroziliklari esa Qozog’istonda hokimiyat o’zgarishi ortidan, aniqrog’i, prezidentlikdan iste’fo bergan Nursulton Nazarboyev hokimiyat vakolatlarini o’zida ushlab qolishidan ildiz oladi.

Mamlakatda Nazarboyevning hokimiyatdan mutlaq iste’fosi talab qilingan aksiyalar boshlandi. Qozog’iston poytaxti Ostona shahrining nomi birinchi prezident Nazarboyev sharafiga Nursultonga o’zgartirilishi esa hokimiyatga nisbatan norozilik to’lqinini yanada kuchaytirdi.

Ayni paytdagi noroziliklar, kuzatuvchilar fikricha, amaldagi prezident Qosim-Jo’mart Tokayevga emas, Elboshi maqomida, Xavfsizlik kengashi raisi lavozimida mamlakatni boshqarishda davom etayotgan Nursulton Nazarboyev hokimiyatiga, uning sulolasiga qarshi qaratilgan.

Namoyishlardagi aksariyat shiorlarda Nursulton Nazarboyev sulolasi, vorislarining hokimiyatdan ketishi talab qilingan.

Qozog’iston jamoatchiligida Qosim-Jo’mart Tokayev vaqtinchalik prezident ekanligi, u hokimiyatni Nazarboyevningi qizi, ayni paytda parlament raisi bo’lgan Darig’a Nazarboyevaga yoki Elboshining boshqa bir qarindoshiga topshirishiga doir ishonch kuchli.

Qozog’istonni 30 yil davomida boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev o’tgan yilning mart oyida iste’foga chiqishini, prezidentlik vakolatlarini topshirishini e’lon qilgan edi. Ammo Nazarboyev mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini saqlab qoldi, xavfsizlik kengashi raisi vakolatlari kengaytirildi.

Nazarboyev iste’fosi ortidan vaqtinchalik prezidentlik mamlakat parlament raisi lavozimini band etib kelgan Qosim-Jo’mart Tokayevga yuklatildi. Navbatdan tashqari o’tgan prezidentlik saylovlarida Tokayev g’alaba qildi.

Muxolifat Nursulton Nazarboyev hokimiyatdan ketmagani, ayni paytda ham Qozog’iston Nazarboyev tomonidan boshqarilayotganini, uning iste’fosi o’z sulolasi vakilini hokimiyatga olib kelish maqsadida o’tkazilgan amaliyot ekanligini ta’kidlab keladi.

Nursulton Nazarboyevning katta qizi Darig’a Nazarboyeva Tokayev mamlakat prezidenti etib saylanishi ortidan Qozog’iston parlamenti raisi lavozimiga ko’tarildi.

Mamlakat qonunchiligiga ko’ra, amaldagi prezident lavozimdan iste’fo bergan taqdirda uning o’rini prezidentlik saylovlari o’tkazilishiga qadar parlament raisi egallaydi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG