Qozog’istonda ommaviy noroziliklar soyasida yangi prezident saylandi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki xulosalariga ko’ra, poygada 70 foizdan oshiq ovoz to’plagan amaldagi prezident Qosim-Jo’mart Tokayev g’alaba qilgan. Hukumatga muxolifligini e’lon qilgan Amirjon Kosanov 15 foizdan oshiq ovoz olgan.
Saylovlarni boykot qilishga chaqirgan qozoq muxolifati esa norozilik namoyishlarini davom ettirmoqchi. Ilk bor Nazarboyev ishtirokisiz o’tgan prezidentlik saylovlari qozoq jamoatchiligi irodasini aks ettirgan siyosiy voqelik sifatida ham e’tirof qilinmoqda.
Tokayevni mintaqa davlatlari rahbarlari, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyev ham g’alaba bilan tabriklashga ulgurgan.
Mamlakatni o’zida Tokayevning g’alabasiga munosabat o’ta munozarali, saylov kuni ommaviy norozilikka chiqqan aholi politsiya bosimiga uchragan.
Ma’lumotlarga ko’ra, shu kuni 500 ga yaqin namoyishchilar hibs qilingan, ular orasida saylov jarayonini yoritayotgan jurnalistlar ham bo’lgan.
9-iyun kuni o'tgan saylovlarida 7 nomzod qatnashdi. Ularning deyarli hammasi hukumatni qo’llaydi.
Muxolifligini e’lon qilgan yagona nomzod Amirjon Kosanov ham Tokayevni g’alaba bilan tabriklagan.
Kosanov xorijdagi muxolifat tashkillashtirgan norozilik namoyishlarini qo’llamasligini bildirishi ortidan keskin tanqidlar ostida qolgan.
Qozoq muxolafatiga ko’ra saylov kuni o’tgan ommaviy namoyishlar Qozog’iston xalqi Nazarboyev siyosiy tuzumi davom etishiga keskin qarshi ekanligi ishorasi bo’lgan.
“Qozoq jamoatchiligi Nazarboyev siyosiy tuzumi davom etishiga keskin qarshi, buni kechagi namoyishlar ham aniq ko’rsatdi. Minglab odamlar o’z noroziligini bildrish uchun ko’chaga chiqishdi, politsiyani keskin bosimiga qaramasdan bu aksiyalar kechgacha davom etdi. Mamlakatni uchta yirik shahrida otgan bu noroziliklar saylov faol baykot qilinganidan darak beradi. Shuning uchun Markaziy saylov komissiyasining ovoz berish uchun 80 foizga yaqin saylovchilar qatnashgani haqidagi bayonoti ham soxta, Tokayevga berilgan ovozlar ham shubhali, chunki aholi Nazarboyev hokimiyati ramzi bo’lgan Tokayev nomzodiga keskin qarshi ekanligini bildirdi”, - deydi mamlakat o’tgan norozilik chiqishlari tashkilotchilaridan biri, qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiq.
Qozog’iston prezidenti saylovlarini kuzatgan xalqaro tashkilotlar dastlabki xulosalarini bayon etdi.
YXHT missiyasini saylov bo’yicha e’lon qilgan dastlabki bayonotiga ko’ra, saylov kuni odamlarning ommaviy tarzda hibs qilinishi konstitutsiyaviy huquqlarning buzilishidir. Saylov davomida hokimiyat amalga oshirgan ortiqcha rasmiyatchiliklar ham ovozlarning xolis hisoblanishiga to’sqinlik yaratgan.
Ammo, ta’kidlash joiz, MDH, Turk kengashi kuzatuvchilar missiyasi rahbarlari saylov bosimsiz, ochiq, qonunchilik jiddiy buzilmagan tarzda o’tganini e’tirof qilishgan.
Qozog’iston prezidenti uchun saylov ilk bor mamlakatni 30 yil davomida boshqarib kelgan Nursulton Nazarboyev ishtirokisiz o’tdi.
O’zbekistonda kuzatilgan shunday jarayondan farqli Nazarboyev hokimiyatni mutlaq topshirgani yo’q, hamon nazoratni ushlab turibdi, o’z vorisini imkon qadar silliq tarzda hokimiyatga olib kelish maqsadida.
Qozoq jamoatchilikning bir qismi Nazarboyev siyosiy tuzimi davom etishiga keskin qarshi, Nazarboyev davrida mamlakatdan quvg’in qilingan muxolifat yetakchilari norozilik aksiyalariga zo’r berishgan, siyosiy tuzumdan ochiqlik talab qilishmoqda.
“Hokimiyatning barcha bo’g’inlari faqat bir kishiga bo’ysundirilgan sharoitda halol saylovlar bilan g’alaba qilish mumkin emas, shuning uchun ham biz boshidanoq bu saylovlarga boykot e’lon qildik. Shunisi diqqatliki, hali hech qachon prezidentlik saylovini boykot qilish bu darajada keng, ommaviy o’tmagan. Bu esa amaldagi hokimiyatni tinch aksiyalar yordamida o’zgartirish ehtimolligini kuchaytirdi”, - deydi Aydos Sodiq.
Qozog’iston prezidentligi uchun o’tgan saylovlarda yetti nafar nomzod qatnashgan.
Markaziy saylov komissiyasi saylovchilarning 77 foizi ovoz berishgani, Tokayev raqiblarini katta farq bilan ortda qoldirgani, 70 foizdan oshiq ovoz to’plagani haqida ma'lumot berdi.
Bu yakuniy natijalarsiz ham Tokayevning g’alabasini muqarrar qiladi.
Facebook Forum