Breaking News

Nazarboyev tirik ekan hokimiyatdan ketmaydi, deydi faollar


Qozog’istonda hokimiyat o’zgarishi mumkinligi muhokamada. Senat raisi Qosimjo’mart Tokayev Prezident Nursulton Nazarboyevning keyingi saylovda qatnashishiga ishonmasligini aytishi ortidan unga kim voris bo’lishi haqida munozaralar qizigan.

Mintaqaning eng keksa lideri, 78 yoshli Nazarboyev chorak asrdan buyon rahbarlik qiladi. So’nggi payt Qozog'iston va Rossiya o'rtasida munosabatlar bir qadar taranglashganiga ham diqqat qaratilmoqda.

Nazarboyev 2020-yilgi saylovda qatnashmaydi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:47 0:00

Qosimjo’mart Tokayev "Bi-Bi-Si" ga bergan intervyusida shunday degan:

“O’ylashimcha, navbatdagi prezidentlik saylovida boshqa nomzodlar ishtirok etadi. Men Nazarboyevning saylovda o’z nomzodini qo’yishiga ishonmayman”.

Senat raisi tomonidan aytilgan bu gap Qozog’istonda hokimiyat o’zgarishiga doir qizg’in bahslarni boshlab bergan. Tokayev uning so’zlari noto’g’ri talqin qilinayotgani haqida ham gapirgan.

Qozog’iston konstitutsiyasida Elboshi Nazarboyevga istalgancha o’z nomzodini prezidentlikka surish huquqi berilgan. Munozaralar Nazarboyev ixtiyoriy tarzda bu huquqdan voz kechishi, o’ziga siyosiy voris tanlashi haqida bormoqda.

Vorislar ro’yxatida Nazarboyevning qizi, parlament deputati Dariga Nazarboyeva, kuyovi Timur Kulibayevlar ham bor.

Nazarboyev hokimiyatni topshirishiga ko'pchilik ishonmaydi, ayniqsa muxolifat. Qozoq muxolifati faollaridan biri Aydos Sodiqovga ko’ra, Nazarboyev tirikligida vakolatini topshiradigan siyosatchilardan emas.

G’arb sanksiyalari nafaqat Rossiyaning o’ziga, Qozog’istonga ham jiddiy ta’sir ko’rsatdi, ayniqsa AQShni oligarxlarni nishonga olgan sanksiyalari.

“Tokayev Nazarboyev haqiqiy donishmand siyosatchi sifatida keyingi saylovlarda qatnashmasligi mumkin, deydi. Imkon qadar yumshoqlik bilan ifoda qilingan bu so’zlar qizg’in munozaralarga olib keldi. Ammo buning ortida jiddiy sabablar yo’q, qolaversa Nazarboyevning o’zi bir necha bor hali-beri hokimiyatni topshirmasligiga oid bayonotlar qilgan. Nazarboyev hokimiyatni o’z ixtiyori bilan topshirmaydigan diktatorlardan. U tirik ekan, buni kutish qiyin, faqat biror jiddiy inqiroz, inqilobgina uni taxtdan ketishga majbur qilishi mumkin”, - deydi u.

Nazarboyev Qozog’istonni 1991-yildan boshqarib keladi, hozirgacha besh marta prezidentlik saylovida ishtirok etgan. Barchasida deyarli 90 foizlik natija bilan g’alaba qozongan. 2020-yilda kutilayotgan saylov Nazarboyev uchun oltinchisi bo’lishi mumkin.

“Hozirgacha bo’lgan saylovlarning deyarli yarmi muddatidan avval o’tkazildi, bu safar ham shunday bo’lishi ehtimoli yuqori. Nazarboyev 2020-yilni kutib o’tirmasligi mumkin”, - deydi Aydos Sodiqov.

Nazarboyev Qozog’iston uchun ko’p vektorli tashqi siyosiy yo’nalishni e’lon qilgan, ammo Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi sifatida qayd etiladi. Kuzatuvchilar so’nggi payt orada yuzaga chiqqan ziddiyatlarga diqqat qaratishadi.

Taranglik rasmiy Ostonaning mustaqil siyosat yuritishga o’tishi, jumladan Nazarboyevning AQSh safari, Shimoliy ta’minot tizimi bo’yicha kelishuv imzolanishidan boshlangani ta’kidlanadi.

Rossiyaning "Kommersant" nashri yozishicha, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXShT) 11-iyun kuni Almatida o’tgan yig’ilishida Kaspiy portlaridan Qozog’iston, O’zbekiston temir yo’llari orqali Afg’onistonga boruvchi yo’nalish o’zini oqlamasligi, AQShning bu yerdagi harbiy ishtirokini ta’minlashga qaratilgani haqidagi da’vo bilan chiqqan.

Hozirgacha bo’lgan saylovlarning deyarli yarmi muddatidan avval o’tkazildi, bu safar ham shunday bo’lishi ehtimoli yuqori.

Qozog’iston esa Afg’onistonga yuk yetkazuvchi bu yo’nalish avval Rossiyaning o’zini ishtirokida ham ishlaganini eslatib o’tgan.

Afg’oniston tranziti Moskva-Ostona o’rtasidagi yagona ziddiyat emas. Qozog’iston AQSh fuqarolari uchun viza tartibini bekor qilishi, keyinchalik lotin grafikasiga o’tish haqida qarorga kelishi ham Rossiya e’tirozlariga sabab bo’lgan edi.

Aydos Sodiqovqa ko’ra, AQShning Rossiyaga qo'ygan sanksiyalari uning yaqin ittifoqdoshi Qozog’istonni ham chetlab o’tmagan. Iqtisod muammolarga uchramoqda, norozilik kuchaygan, Nazarboyev ko’p vektorli tashqi siyosatni amalda tatbiq etishga majbur qolgan.

“G’arb sanksiyalari nafaqat Rossiyaning o’ziga, Qozog’istonga ham jiddiy ta’sir ko’rsatdi, ayniqsa AQShni oligarxlarni nishonga olgan sanksiyalari. Chunki Rossiya boylari Qozog’iston bilan ham bog’liq. Qozog’iston vaqtida bu ta’sirdan qutulib qolish choralarini ko’rmoqda. Buni Nazarboyev ancha avval tushungan edi, hozir tashqi siyosiy munosabatda muvozanat o’rnatmoqchi. Birinchi navbatda AQSh bilan aloqalarni mustahkamlash niyatida. Nazarboyevning AQShga safari shuning jumlasidan”, - deydi Aydos Sodiqov.

Nazarboyev AQSh safari ortidan Rossiya prezidenti bilan bir necha bor muloqot qildi. So’nggi bor ular Rossiyada futbol bo’yicha jahon chempionati marosimi doirasida uchrashishgan edi.

Bu uchrashuvni Tataristonga rasmiy safar bilan davom ettirgan Nazarboyev matbuotdagi gaplarga qaramasdan Qozog’iston-Rossiya hamkorligi barcha sohalarda o’ta mukammal va namunali ekanligini bayon qilgan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG