Navro’z Markaziy Osiyoda siyosiy yangilanishdan ham darak bermoqda. Samarqandda o’tgan tantanada O'zbekiston va Qozog'iston rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ishtirok etgan. Nazarboyev o’zbekistonliklarni Navro’z bilan tabriklash uchun Samarqandga kelgani aytilmoqda.
Qozog’iston rahbarining Samarqandga tashrifi Navro’z munosabati bilan amalga oshgan. O’zbekiston prezidentining rasmiy sahifasida taqdim etilgan ma’lumotga ko’ra, Nazarboyevning tashrifi Mirziyoyevning o’tgan yili Navro’z arafasida Qozog’istonga qilgan safariga javoban amalga oshmoqda.
Markaziy Osiyo xalqlarining qadimiy bayrami Navro’zning mintaqa prezidentlari ishtirokida bayram qilinishi urf emas, shu ma’noda Samarqandda prezidentlar ishtirokida o’tgan tantanalar mintaqa siyosiy aloqalaridagi yangi hodisa deyish mumkin.
Dastlab Toshkentda boshlangan Navro’z tadbirlarida qatnashgan Shavkat Mirziyoyev o’zbekistonliklarni sharqona yangi yil bilan tabriklab, so'ng Samarqandga yo’l olgan va Nazarboyevni shaxsan kutib olgan.
Tomonlar ikki davlat o’rtasida rivojlanayotgan aloqalardan qoniqish bildirishgan, hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan gaplashishgan, shaharning diqqatga sazovor joylarini ko’rishgan.
“Xalqlarimizning dini, tili, qadriyatlari bir, ota-bobolarimiz necha asrlardan buyon yonma-yon yashab kelishadi. Biz ularning aytgan o’gitlarini esdan chiqarmasligimiz, doimo birga bo`lishimiz kerak. Men butun o’zbek xalqini Navro’z bayrami bilan tabriklayman”, - dedi Nazarboyev.
Qozog’iston prezidenti Hazrati Xizr majmuasida ham bo’lgan, Islom Karimov qabrini ziyorat qilgan.
Nursulton Nazarboyevning Samarqandga qilgan bir kunlik bayram tashrifi shu bilan nihoyasiga yetgan, oliy toifali mehmonni Mirziyoyev kuzatib qo’ygani xabar qilinadi.
Mahalliy matbuotga ko’ra, Nazarboyevning Navro’z munosabati bilan Samarqandga kelishi mintaqada azaliy qadriyatlar tiklanayotgani, qardosh xalqlar o’rtasida do’stlik, hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
Bu Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyevlarning navbatdagi uchrashuvi edi. Ular yaqinda Ostonadagi mintaqaviy sammit doirasida muzokara o’tkazgan edi.
Markaziy Osiyoda liderlarining so’nggi 10 yildagi ilk sammiti sifatida e’tirof etilgan bu uchrashuv ortidan mintaqaviy aloqalarda jiddiy siljish boshlanayotgani e’tirof etilmoqda.
Facebook Forum