Qozog'iston xalqi yangi parlament uchun ovoz berdi. Saylovda qatnashgan Prezident Nursulton Nazarboyevga ko'ra, demokratik tuzumga o'tish mamlakatning bosh maqsadi, ammo bu borada Qozog'istonni shoshiltirmaslik kerak.
Qozoq muxolifati bu saylovning ham natijasi avvaldan hal etilgani, muxolifatchilar va jurnalistlarga bosim o'tkazilgani, saylov demokratik talablarga javob bermaganini aytmoqda.
Bellashuvda Nazarboyev yetakchiligidagi "Nur Otan"dan tashqari yana beshta partiya qatnashdi. "Nur Otan" g'alaba qilishiga hech kimda shubha yo'q.
Ostonada ovoz bergan Nazarboyevga ko'ra, parlament saylovlarini muddatidan avval o'tkazish moliyaviy inqiroz oqibatlariga qarshi kurashda yangi kadrlarga ehtiyoj tug'ilayotgani bilan bog'liq.
"Bugun 9 milliondan oshiq saylovchilarimiz qonunchilik hokimiyatiga ovoz berishmoqda. Saylovni muddatidan avval o'tkazish parlament tashabbusidir. Qozog'iston yangilanayapti, inqiroz oqibatlarini barataraf etayapmiz, buning uchun esa yangi, o'z ishini yaxshi biladigan, qonunlar qabul qiladigan deputatlar kerak", - dedi prezident.
Qatnashgan partiyalardan biri "Umummilliy sotsial-demokratlar" partiyasi hukumatga muxolifligini e'lon qilgan.
Muxolifatning bir qismi saylovga ishonchsizlik bildirgan bo'lsa, Jarmaxon Tuyoqboy yetakchligidagi sotsial-demokratlar unda qatnashishga qaror qilib, jarayon ochiq va adolatli o'tishini talab qilib chiqdi.
Jarayonni kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti missiyasi o'z xulosalarini ertaga e'lon qilishi kutilmoqda.
Matbuot xabarlariga ko'ra, saylovda bir kishining butun oila uchun ovoz berishi, ayrim uchastkalarda bo'sh byulletenlardan foydalanish holatlari kuzatilgan.
Qozog'iston Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, ovoz berishda biror jiddiy qonunbuzarliklar kuzatilmagan, jarayon tinch va oshkora o'tgan.
Nursulton Nazarboyevning matbuot anjumanidagi fikrlari saylovga nisbatan ehtimoliy tanqidlarga javobdek tuyuldi.
"Biror davlatda demokratik islohotlar birdaniga bo'lmagan, AQShda ham bu bosqimcha-bosqich amalga oshgan. Demokratiya biz tanlagan yo'lning boshi emas, so'nggi manzili. Biz bu yo'nalish tomon davomli, tegishli qonunlarni qabul qilib harakat qilamiz. Bizni shoshiltirish kerak emas, chunki biz boshqachamiz. Bu Osiyo. Munosabatimiz boshqa, biz oilaviy yashaymiz, dinimiz boshqa, odamlarni o'zaro munosabati ham boshqacha", - dedi 25 yildirki prezidentlikni qo'ldan bermay kelayotgan Nazarboyev.
Oppozitsiya Nazarboyevni avtoritar boshqaruvni mustahkamlashda, so'z erkinligini bo'g'ish, muxolifatga nisbatan tazyiqlarni kuchaytirishda ayblab keladi. Parlamet saylovlari arafasida bu bosimlar ancha kuchaygan, bir nechta jurnalistlar, muxolifat a'zolari jamoatchilik xavfsizligiga tahdid solishda ayblanib, sudga tortilgan edi.
Muxolifatchi Aydos Sodiqovga ko'ra, hukumat xalq e'tiborini og'ir iqtisodiy sharoitdan chalg'itish ucun parlamentni yangilashga qaror qildi. Ammo aholining hukumatga ishonchi so'nib bo'lgan, saylovda faqat davlatga qaram byudjet tashkilotlari xodimlari qatnashdi, deydi u.
"Saylov uchastkalariga borayotgan odamlar bunga majbur qilinayotgan o'qituvchilar, talabalar va boshqa davlat byudjetida ishlayotgan xodimlar bo'lishi mumkin. Bu bilan hukumat baribir xalqni inqirozdan chalg'ita olmaydi. Aksariyat aholi uchun bu saylovlar mutlaqo ahamiyatsiz, ularni avvalo og'irlashib borayotgan iqtisodiy vaziyat qiziqtiradi", - deydi Sodiqov.
Nazarboyev matbuot anjumanida konstitutsiya va davlat boshqaruvida ham o'zgarishlar bo'lishini ehtimoldan soqit qilmagan. Uning aytishicha, prezident, parlament va hukumat o'rtasida hokimiyatni taqsimlash masalasi ko'rib chiqilishi mumkin, bu haqda muhokama ketmoqda.
Avvalroq parlament saylovlarini muddatidan avval o'tkazishdan maqsad, keksarayotgan Nazarboyevning siyosiy vorisini tanlash bilan bog'liq, degan mulohazalar ham ilgari surilgan edi.
"Hamma tushunib turibdi, Nazaboyev hokimyatni o'z qarindoshlaridan bo'lgan birorta merosxo'riga topshirishi kerak. Ammo u kim, so'nggi paytda o'sib kelayotgan jiyanlarimi yoki qizlaridan birortasimi? Biz buni bilmaymiz", - deydi Aydos Sodiqov.