Breaking News

Devalvatsiya ketidan Qozog'iston bozori alg'ov-dalg'ov


Qozog'istonda milliy valyuta tanga qadrsizlanib borishi ketidan Prezident Nursulton Nazarboyev Xavsizlik Kengashi majlisini chaqirgan va mamlakatdagi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashgan.

Devalvatsiya ortidan Qozog'iston bozori alg'ov-dalg'ov - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:55 0:00

Hukumat yangi iqtisodiy reja haqida gapirar ekan, davlat siyosatini tanqid qilgan muxolif faollarga nisbatan bosim ham kuchaymoqda.

Tanga qiymatining davlat nazoratidan ozod qilinishi mamlakat aholisi uchun kutilmagan qaror bo'ldi. Tanga keskin arzonlagan, 100 AQSh dollari bahosi 1800 dan 2500 tangaga ko'tarilgan.

21-avgust kuni Xavfsizlik Kengashi majlisini chaqirtirgan Nazarboyev tashqi va ichki bozordagi vaziyatni izchil kuzatishni, beqarorlikni keltirib chiqarishga bo'lgan har qanday urinishlarning oldini olishni buyurgan.

Faollarga ko'ra, politsiya, xavfsizlik idoralari muxolifat vakillari, tanqidchilar ustidan nazoratni oshirgan.

Hukumatning bu qarori prezidentlik saylovidagi g'alabasi ortidan milliy valyuta qadrsizlanishiga yo'l qo'ymaslik va'dasini bergan Nazarboyevga nisbatan tanqidlarni kuchaytirgan. Qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiqov:

“Nazarboyev o'z chiqishida mamlakatda vaziyatni izdan chiqarishga bo'lgan urinisharni keskin bartaraf etishga ko'rsatma berdi. Bu allaqachon natijlarini ham bermoqda, bugun hukumatning ashaddiy tanqidchilaridan biri bo'lgan Narimbayev hibsga olindi. Uning aybi esa valyuta siyosati uchun Nazarboyevni tanqid qilib kelayotgani edi. Gap shundaki, Nazarboyev aprel oyida prezidenlikka qayta saylangach, tanga qiymatini tushirmaslik, buning uchun barcha choralar ko'rilishini va'da bergan edi”.

Rasmiylar valyuta kursi bilan bog'liq ehtiroslar tez orada o'tishi, uning qiymati bozor ehtiyojiga muvofiq bir nuqtada to'xtashiga umid qilishmoqda.

Tanga qiymati yaqin kelajakda pasayishda davom etishini taxmin qilayotgan qozoq ekspertlari erkin iqtisodiyotning zarur shartlaridan biri bo'lgan bu qaror hukumat tomonidan ancha kechikib qabul qilinganini qayd etishadi.

Qozog'iston Milliy bankining sobiq raisi Oraz Jandosov “Azattyq” radiosiga bergan intervyusida tanga qiymatini bozor ehtiyojiga ko'ra belgilashni “hechdan ko'ra, kech qabul qilingan qaror” qabilasida baholaydi.

Taxminlarga qaraganda, tanga qadrsizlanishi ortidan kundalik ehtiyoj mahsulotlari narxi ko'tariladi, ijtimoiy nochor qatlam tirikchiligi qiyinlashadi, ammo mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi imkoniyatlar paydo bo'ladi.

Aydos Sodiqovga ko'ra, Qozog'iston iqtisodi xomashyo, energoresurslar eksportiga qaram.

“Hukumat go'yo bu qaror mahalliy ichlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirishini aytmoqda. Albatta, birinchi navbatda Rossiya va Xitoy biznesi nazarda tutiladi. Ammo hamma aniq biladi, mamlakatda jiddiy ishlab chiqarishning o'zi yo'q, bir necha ming kichik va o'rta biznes vakillari bordir. Biroq bir necha ming kishi uchun 17 million aholi taqdirini bu tarzda xavfga qo'yish noto'g'ri. Agar tangani erkinlashtirmoqchi bo'lsa, buni 15 yillar avval qilish kerak edi. Yoki buni aholiga zarar yetkazmaydigan tarzda bosqichma-bosqich amalga oshirish lozim edi”, - deydi Sodiqov.

Nursulton Nazarboyev televizion murojaatida so'nggi yillarda tanga qadrini belgilangan tartibda ushlab turish uchun 28 milliard dollar mablag' sarflanganini ta'kidladi. Hukumat nihoyat vaziyatni shunchaki kuzatish emas, bunga qarshi choralar ko'rishga kirishgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG