Qirg’iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirar ekan, Rossiya yetakchiligidagi bir guruh sobiq sovet respublikalari, jumladan, qo’shni Qozog'iston o’ziga xos umumiy bozor shakllantirmoqchi. Markaziy Osiyo o’lkalarining o’zaro iqtisodiy hamkorligi qay ahvolda? Bu yo’nalishda qanday imkoniyat va muammolar mavjud?
Mutaxassislarning aytishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari o’zaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun jiddiy asos, rang-barang imkoniyatlarga ega. Gap o’sha imkoniyatlardan foydalana bilishda.
“Aytaylik, Norin daryosining elektr quvvati berish imkoni, hisob-kitoblarga ko’ra, 150 milliard kilovatt soatni tashkil etadi. Qirg’iziston bu potensialning 10 foizidangina foydalanmoqda. Energetika inshootlari qurishda Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilayapmiz. Yer osti boyliklarini o’zlashtirishda ham katta imkoniyat mavjud, bu o’rinda bizga zamonaviy texnologiylar va tajriba kerak”, - deydi Qirg’iziston parlamenti deputati Anvar Ortiqov.
Mintaqa o’lkalari iqtisodiyoti azaldan o’ziga xos yo’nalishlarlari va tabiiy resurslari bilan ajralib turadi. Qozog'iston, O’zbekiston va Turkmaniston yirik er osti boyliklari hamda taraqqiy etayotgan sanoatga ega bo’lsa, Qirg’iziston hamda Tojikistonda suv energetikasi, chorvachilik kabi tarmoqlar rivojlangan. Mutahassislar so'zlariga ko’ra, ushbu sohalarda mintaqaviy hamkorlik yo’lga qo’yilmagani bois, ayrim respublikalar ehtiyojni boshqa mamlakatlar bozori orqali qondirishga to’g’ri keladi.
“Aytaylik, Qirg’izistonda mavjud ayrim xomashyo turlari qo’shni davlatlarda kam. Bu o’rinda qo’shma korxonalar qo’l keladi. Aynan qo’shma korxonalar tuzish orqali zamonaviy texnologiya va malakali mutaxassislar jalb etish masalasini ham hal etish mumkin”, - deydi O’sh shahrilik iqtisodchi olim, mahalliy universitet dotsenti Jasur Azimov.
Avvaldan taraqqiy etgan chegara bo’yi savdosi mintaqa mamlakatlari aloqalarining samarali yo’nalishi bo’lib kelgan. Keyingi yillarda ushbu munosabatlarga putur yetgan. Ayrim o’lkalar, masalan, O’zbekiston hamda Qirg’iziston o’rtasida chegara bo’yi savdosi to’xtab qolgan.
“Bunga qo’shni tomon chegarani deyarli yopib qo’ygani sabab bo’ldi. Chegara orqali mol o’tkazish qiyin. Albatta, kelajakda bu masalalar yechilishi kerak”, -deydi Qirg’iziston parlamentining deputati Anvar Ortiqov.
Tahlilchilar nazarida faol iqtisodiy hamkorlik mintaqa mamlakatlari munosabatlarini yaxshilaydi va jahon taraqqiyotiga jiddiy hissa qo’shgan bo’lar edi. Bu o’rinda siyosiy iroda va iqtisodiy tizimlarning o’zaro ochiqligi muhim, deydi suhbatdoshlar.
Mahalliy kuzatuvchilar deydiki, mintaqa mamlakatlari orasida asosan Qozog'iston qo’shni respublikalarda ko’plab qo’shma korxonalar ochgan. Aynan qozoq kapitali Matkaziy Osiyo hamda Kavkaz o’lkalari iqtisodiyotiga yirik sarmoyalar kiritmoqda. Qirg’izistonning moliya-bank rizimlari, tog’-kon sanoatida qozoq biznesi faol.
Mintaqaning yana bir yirik davlati bo’lmish O’zbekiston bu o’rinda nisbatan sust, deyilmoqda. Qirg’izistonda o’zbek kapitali ishtirokidagi korxonalar barmoq bilan sanarli, sarmoyalar ko’zga tashlanmaydi.
O'zbek firmalari Afg’oniston temir yo’llari va telekommunikasiya tizimini rivojlantirish masalasida samarali ishlar qilmoqda, deydi tahlilchilar.
Suhbatdoshlar sarmoyalar kiritish, qo’shma korxonalar tuzish, tig’iz hamkorlik qilish uchun o’zaro ishonch va xayrixohlik muhiti darkorligini ta’kidlaydi. Ayrim Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida aynan shunday muhit yetishmayotgani sir emas.
Qozog'iston hamda Qirg’iziston Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasida o’ziga xos umumiy bozor shakllantirishni maqsad qilgan. Markaziy Osiyoda azaldan mavjud bo’lgan yagona bozorni tiklash masalasi esa hamon ochiq qolmoqda.