O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Rossiya rahbari Vladimir Putin taklifi bilan Moskvada Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi uchrashuvida ishtirok etgan. Lekin ertangi harbiy paradda Karimov qatnashmaydi.
Dunyoning qator yetakchilari Ikkinchi jahon urushida g'alabaning 70 yilligi munosabati bilan Moskvada harbiy paradda ishtirok etmaslikka qaror qilgan. Buning asosiy sababi Ukraina hududlarining Rossiya tomonidan tortib olinishi va separatist kuchlarning Moskva tomonidan qo'llab kelinayotgani deya ko'riladi.
Mintaqa liderlarining barchasi g'alaba paradini Moskvada nishonlaydi, faqat Karimov bundan mustasno bo'lishi mumkin. Ammo buni aynan Ukraina bilan bog'liq pozitsiya deyish qiyin. O'zbekiston prezidenti avval ham Moskvadagi harbiy paradlarda ishtirok etmagan.
Qolaversa, Karimovning Moskvadagi MDH sammitida ishtirok etishi ham so'nggi paytgacha mavhum edi. Rossiya axborot vositalari avvaliga Karimov Moskvaga kelmasligi haqida xabar tarqatdi, keyinchalik Kremldagi manbalar O'zbekiston prezidentining tantanalarda qatnashishini tasdiqladi.
Bu borada uzoq sukut saqlab kelgan rasmiy Toshkent esa so'nggi daqiqalarda Karimov Putin taklifiga ko'ra MDH norasmiy sammiti, Ikkinchi jahon urushidagi g'alaba munosabati bilan o'tayotgan tadbirlarda qatnashish uchun 8-may kuni Moskavaga jo'nab ketdi deya xabar tarqatdi.
Toshkentdan siyosatshunos Anvar Nazirov so'zlariga ko'ra, Karimovning tashrifi g'alaba tantanalari bilan emas, balki MDH sammiti bilan bog'liq.
“Karimov Moskvaga bayramga ketayotgani yo'q. U MDH rahbarlari sammitiga ketayapti. Rossiya atayin bu sammitni g'alaba bayramiga taqab o'tkazayapti, chunki 9-may g'alaba bayramiga kelmagan taqdirda ham sammitga keladi, degan umid bor edi. Lekin berilgan rasmiy ma'lumotda ham Karimov 8-may kuni borib, shu kuni qaytib kelishi ko'rsatilgan. Karimov anchadan buyon paradlarda qatnashmaydi. 9-may esa o'zimizda ham Xotira va qadrlash kuni sifatida belgilangan. O'zining milliy bayramini qoldirib, Moskvada g'alaba kunini nishonlash, bu har qanday rahbar uchun notabiiy holat”, - deydi ekspert.
“Rossiya Ukrainani bosib olganidan keyin yakallanib qoldi, kamdan-kam davlatlar uni qo'llab-quvvatlayapti. Shu munosabat bilan 9-may sanasi bir ko'rsatkichga aylandi, ya'ni Rossiyaning Ukrainaga nisbatan bosimini qo'llaydigan va qo'llamaydiganlarni ko'rsatuvchi. Paradda qatnashmaslik, Rossiyaning oldida turmaslikda albatta Ukraina omili ham yuzaga chiqadi. Karimov avvaldan paradlarda qatnashmagan, bu uning vaziyatini osonlashtiradi, ammo bu ko'proq g'alabaga nisbatan munosabatdan kelib chiqadi. Ko'pchilik baribir buni Ukraina bilan bog'lab tahlil qiladi, bu ham albatta mantiqqa ega, chunki O'zbekiston rasman Ukraina hududiy yaxlitligini qo'llab chiqqan davlatlardan biri”, - deydi Nazirov.
Moskvada MDH norasmiy sammitidan tashqari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kiruvchi davlat rahbarlari yig'ini ham o'tadi.