Breaking News

Qozog'istonda prezident saylovlari iyunda o'tadi


Qozog’istonda muddatidan avval prezidentlik saylovlari 9-iyunda bo'lib o’tadi. Saylovni ertaroq o’tkazish qarori amaldagi prezident Qosim-Jo'mart Tokayevga emas, uch hafta muqaddam iste’fo bergan sobiq Prezident Nursulton Nazarboyev tegishli deb ko’rilmoqda.

Qozog'iston: Prezident saylovlari iyunga belgilandi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:04 0:00

2020-yilda o’tishi kutilgan saylovni ikki oy muddat ichida o’tkazib olish qarori muxolifatga imkoniyat qoldirmagan, saylov Nazarboyevning siyosiy vorisini xalqqa taqdim etish uchun tashkil qilinayotgani aytiladi.

Nazarboyev Qozog’istonga rahbarlik qilgan 30 yillik davrda biror marta prezidentlik saylovi o’z muddatida o’tkazilmagan.

Elboshining iste’fosi ham bu an’anani buzmaydigan ko'rinadi. Saylov muddatidan avval o’tishini Qosim-Jo'mart Tokayev e’lon qildi, ammo qaror ortida iste’fogaketganidan so’ng ham Xavfsizlik kengashiga va “Nur Otan” partiyasiga rahbarlik qilayotgan Nursulton Nazarboyev turganiga hech kimda shubha yo'q.

Tokayev 2020-yilning apreligacha, ya’ni vakolat muddati tugagancha prezidentlikda qolishi kutilayotgan edi. Saylov kampaniyasi tez kunlarda Nazarboyevning vorisi kim bo’lishiga aniqlik kiritadi.

Xullas, bu hech qanday xalq saylovi emas, shunchaki Nazarboyevning vorisini tasdiqlash bo’ladi.

Asosiy nomzodlar - Tokayevning o'zi, parlament raisi Dariga Nazarboyeva, yana Nazarboyev qarindoshlaridan iborat bir nechta shaxslar.

Dastlabki taxminlarga ko’ra, voris sifatida amaldagi prezident nomzodi ilgari surilishi mumkin. Tokayev prezidentlikka kelishi ortidan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o’tkazishga ulgurganiga diqqat qaratilmoqda.

Tokayevning prezident sifatidagi ilk muzokarasini kuzatgan qozoq muxolafatiga ko’ra, Moskvaga tashrif saylovda hal qiluvchi faktor, ammo faqatgina Tokayev nomzodi foydasiga emas.

“Tokayev 20 kunlik prezidentlik davrida Vladimir Putin bilan muzokaralar o’tkazishga ulgurdi, ammo bizdagi ma’lumotlarga ko’ra Moskvaga yo’l olgan delegatsiyaning asosiy vazifasi siyosiy vorisni taqdim etish, Putinni har qanday vaziyatda Rossiya bilan munosabatlar o’zgarishsiz qolishiga ishontirish bo’lgan. Tokayev prezident sifatida muzokara o’tkazgani uning asosiy nomzod ekanligidan darak bermaydi, tashrifning asosiy maqsadi hozircha noma’lum qolayotgan vorisni Moskva tasdig’idan o’tkazish bo’lgan”, - deydi qozoq muxolifati faollaridan biri Aydos Sodiq.

Iyunga belgilangan saylov muxolif nomzodlarga deyarli hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. Qozog’istonda olti siyosiy partiya ro’yxatdan o’tkazilgan, ular orasida muxolif partiya maqomiga da’vogarlar bor, ammo aynan muxolifligi uchun mamlakatdan quvg’in qilingan siyosiy faollar, muxolif partiya yetakchilari ham ko’p.

Prezidentlik saylovini erta o'tkazish Nazarboyevning iste’fosi kabi kutilmagan hodisa bo’lgan. Muxolifatga ko’ra, bunday tig’izlik saylovda biror muxolif, mustaqil nomzod paydo bo’lishining oldini olishga qaratilgan.

“Saylovga ikki oydan kam vaqt qolyapti. Tabiiyki, bu muxolif partiyalarga ham, muxolif nomzodlarga ham hech qanday imkoniyat qoldirmaydi. Biz Nazarboyev iste’fosi ortidan saylovga oid qonunchilikka o’zgartirishlar kiritilishini talab qilib kelayotgan edik, ammo buning o’rniga prezidentlik saylovlarini tezlikda o’tkazib olish qaroriga kelinganini ko’ryapmiz. Xullas, bu hech qanday xalq saylovi emas, shunchaki Nazarboyevning vorisini tasdiqlash bo’ladi. Shuning uchun bu saylovlar boykot qilinishi kerak”, - deydi qozoq muxolafatining xorijda quvg’inlikda yashayotgan yetakchilaridan biri Aydos Sodiq.

Qozog’istonni 30 yil davomida boshqargan Nursulton Nazarboyev 19-mart kuni kutilmaganda iste’foga chiqishi haqidagi farmonni imzoladi. Qonunga ko'ra, prezidentlik Senat raisi Qosim-Jo'mart Tokayevga o’tdi.

20-mart kuni prezidentlik qasamyodini qabul qilgan Tokayevning dastlabki tashabbusi Qozog’iston poytaxti Ostona shahri nomini Nursultonga o’zgartirish bo’ldi.

Tokayevning prezident sifatida ilk rasmiy safari Rossiyaga bo'ldi, u Vladimir Putin bilan ittifoqchilik munosabatlarini muhokama qilgan. Tokayev saylovda o’z nomzodini prezidentlikka surishi yoki surmasligi hozircha ma’lum emas.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG