Koronavirusning global iqtisodiyotga salbiy ta’siri haqidagi xavotirlar ortidan jahon birjalarida narxlar keskin tushib ketdi. Xitoy va boshqa bir qator davlatlarda shaharlar va chegaralarning yopib qo’yilishi ishlab chiqarish, tovarlar aylanmasi va turizm kabi sohalarga putur yetkazmoqda. Agar virus yoyilishi pandemiyaga aylansa, oqibati iqtisodiyot uchun yanada og’ir bo’lishi kutilyapti.
Dunyo bo’ylab koronavirus yuqtirganlar soni oshib borar ekan, AQShdan tortib Osiyo va Yevropagacha fond birjalarida narxlar tushib ketdi.
“Bozor epidemiya hali cho’qqisiga chiqmaganini, yoyilishda davom etayotganini va global ta’minot tarmog’i, turizm hamda boshqa ko’plab sohalarni izdan chiqarishini tushunib yetmoqda”, - deydi Amerika Ishbilarmonlik instituti tadqiqotchisi Desmond Lohmen.
Dunyoning ko’plab davlatlari virus tarqagan mamlakatlar bilan chegaralarni va yo’llarni yopishni boshladi. Bu esa global savdoga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
“Xitoyda 150 million odam hech qayerga chiqa olmayapti. Ta’til uchun uyiga borganlar, yangi yil uchun borganlar ishga qayta olmayapti”, - deydi Lohmen.
Nafaqat kompaniyalar, balki iste’molchilar ham xavotirda.
“Bu virusning haqiqiy iqtisodiy ta’sirini sezamiz. Allaqachon buni ko’ryapmiz. Masalan, “Apple” yaqin kelajakda “iPhone” ishlab chiqarish kamayishi haqida gapirdi”, - deydi iqtisodchi Mark Hemrik.
Ba’zilar fikricha, iqtisodiy zarar muqarrar, lekin qisqa muddatli bo’ladi. Hemrik koronavirusni dovulga o’xshatadi. U o’tib ketishi bilan qayta tiklanish boshlanib, hammasi odatdagi holatga qaytadi, deydi u.
“Qisqa muddat haqida o’ylaydigan investorlar uchun bu jiddiy muammo. O’rta va uzoq muddatni ko’zlaydiganlar jiddiy xavotir olmasa ham bo’ladi. Ular hayotlari pul tikish va kurashdan iborat ekanini aytadi”, - deydi ekspert.
Ammo tadqiqotchi Desmond Lohmen fikricha, virusning Xitoy iqtisodiyotiga ta’siri uzoq muddatli bo’ladi. Chunki, deydi u, ta’minot uchun faqat Xitoyga bog’liq kompaniyalar boshqa bozorlarni qidirishni boshlaydi.
“Kompaniyalar bu ishdan saboq chiqaradi. Xitoy iqtisodiyoti buning uzoq muddatli asoratlarini sezadi. Mamlakat xorijiy sarmoya uchun jozibasini yo’qotadi”, - deydi u.
Koronavirus iqtisodiyotni izdan chiqaradigan patogenlarning so’nggisi bo’lmaydi. Savol bu muammodan qanday saboq chiqarilishida va davlatlar keyingi epidemiyalarga qanchalik tayyor bo’lishida, deydi mutaxassislar.
Facebook Forum