Breaking News

Xitoyliklarning karantinga olinmagani o'zbekistonliklarni norozi qildi


Xitoyliklar O'zbekistonda nega karantinga olinmadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

O’zbekistonga kelgan Xitoy fuqarolarining koronavirus tahdidi bois karantinga olinmagani Namangan aholisida norozilik uyg’otdi.

Namangandagi qo’shma korxona ishchilari bo’lgan besh nafar xitoylik O’zbekistonga Dubay orqali uchib kelgan.

24-fevral kuni O’zbekistonga kirib kelgan bu fuqarolarning nima sababdan karantinga olinmagani noma’lum.

Koronavirusning karantin muddati 14 kunligi inobatga olinsa, xitoyliklar Toshkent aeroportida pasport nazoratidan o’tgani, ammo karantinga jalb qilinmagani ko’rinadi.

Shu paytgacha O’zbekistonda koronavirus rasman qayd qilinmagan.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy fuqarolarining karantinga joylashtirilmagani mahalliy aholida jiddiy norozilik uyg’otgani va aholi mutasaddilardan izoh talab qilganiga doir videolar tarqagan.

Hozircha rasmiylar Namangandagi vaziyat, xususan, aholi noroziligiga sabab bo’lgan holat – viloyatga kelgan Xitoy fuqarolari nima sababdan karantinga olinmagani yuzasidan biror izoh bermagan.

“Amerika Ovozi” bu borada Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga bog’lanishga urindi, ammo vazirlik sahifasida ko’rsatilgan telefon raqamlaridan javob olish imkoni bo’lmadi.

1-mart kuni O’zbekiston Janubiy Koreyadan o’z fuqarolarini olib keldi. 231 nafar yo’lovchi, xorij fuqarolari doxil, 14 kun muddatga karantinga joylashtirildi. Hozircha Janubiy Koreyadan kelgan bu fuqarolardan virus aniqlanganmi, yo’qmi, noma’lum. Karantin muddati tugashiga hali vaqt bor.

Avvalroq esa Xitoydan qaytarilgan 600 nafarga yaqin O’zbekiston fuqarolari ikki haftalik muddatga karantin qilingan, bu muddat davomida ularda koronavirus aniqlanmagani, ular o’z uylariga kuzatilgani xabar qilingan edi.

O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlarni rasman rad etdi. Vazirlik vaziyat nazoratdaligini, mamlakatda koronavirus holati qayd etilgani haqidagi xabarlar yolg’on ekanligini bildirgan.

Asosiy o’chog’i Xitoyda bo’lgan koronavirus ayni paytga kelib dunyoning 70 dan oshiq mamlakatida qayd etildi. Markaziy Osiyo davlatlarida bu kasallik tarqalgani rasman tasdiqlanmagan.

Virus qamrovi kengayib borar ekan, O’zbekistonda ham qarshi choralar kuchaytirilmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, virus keng tarqagan bir necha mamlakatlar bilan avia qatnovlar bekor qilingan; o’qituvchi va talabalarning xorijga chiqishiga, ommaviy tadbirlarda qatnashishiga vaqtincha taqiq qo’yilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG