AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper va Shtablar boshliqlarining qo’shma qo’mitasi raisi general Mark Milli Kongressda qonunchilar oldida Tolibon bilan yaqinda imzolangan tinchlik bitimi xususida hisobot berdi.
Pentagon rahbari va AQShning birinchi raqamli harbiy mulozimi kelishuvni himoya qildi.
“Natijalar hozircha har xil. Tolibon bitim shartlariga rioya qilib, AQSh va koalitsiyaning Afg’onistondagi qo’shinlariga hujum qilgani yo’q, ammo zo’ravonliklardan butunlay voz kechgani ham yo’q”, - dedi vazir Esper.
Toliblarning Hilmand viloyatida afg’on qo’shinlariga hujumi AQSh askarlarini jangarilarga havodan zarba berishga majburladi.
“O’tgan shanba Afg’onistonda bo’lganimda ularni himoya qilishga va qo’llab-quvvatlashga so’z bergandim”, - dedi Esper.
29-fevral kuni AQSh va Tolibon Qatarda bitim imzolashi ketidan jangarilar afg’on harbiylariga hujumlarini oshirdi. Shunga qaramay, deydi general Mark Milli, hozirgi hujumlar oldingilaridan ancha farq qiladi.
“Oldin 34 viloyatning ma’muriy markazlarida, poytaxt Kobulda hujumlar bo’lardi, suiqasd hujumlari bo’lardi, yuqori lavozimli rasmiylar nishonga olinardi, transportga portlovchi modda o’rnatib xuruj qilishardi, AQSh harbiylari va koalitsiya kuchlariga tashlanishardi. Ammo hozir bular yo’q”, - dedi general.
Esperning aytishicha, ayni paytda AQSh muzokarachilari afg’onlar o’rtasidagi muloqotga sharoit hozirlash bilan shug’ullanmoqda.
Facebook Forum