Breaking News

Tolibon Afg’oniston hukumati qaroridan norozi


Tolibon mahbuslar
Tolibon mahbuslar

Tolibon Afg’oniston hukumati qamoqlaridagi a’zolarining muayyan shartlar asosida bosqichma-bosqich ozod etilishi to’g’risidagi qarorni inkor etdi. Ular Kobulning bunday harakati AQSh-Tolibon o’rtasida erishilgan bitimga zid ekanini ma’lum qildi. 

Tolibon Afg’oniston hukumati qamoqlaridagi a’zolarining muayyan shartlar asosida bosqichma-bosqich ozod etilishi to’g’risidagi qarorni inkor etdi. Ular Kobulning bunday harakati AQSh-Tolibon o’rtasida erishilgan bitimga zid ekanini ma’lum qildi.

“Bitim matnida aniq qilib qayd etilgan: Hibsdagi bizning besh ming odamimiz ichki muzokaralar boshlanishidan avval hech qanday shartlarsiz ozod etilishi kerak”, - deydi Tolibon vakili Suhayl Shohin.

Shuningdek, Tolibon ham aksariyati Afg’oniston xavfsizlik kuchlari xodimlaridan iborat bo’lgan 1000 ga yaqin mahbusni ozod etishni o’z zimmasiga olgan edi.

“Bizning odamlarimizni to’liq ozod etmas ekan, Afg’oniston hukumati o’zaro muzokaralarni boshlashga to’siq bo’lib qolaveradi”, - deydi Shohin.

Prezident Ashraf G’ani 11-mart tongida Tolibon mahkumlarining bosqichma-bosqich ozod etilishi to’g’risidagi farmonni imzolagan edi. Farmonda jang maydonlariga boshqa qaytmaslikka tilxat bergan jami 1500 mahbus kuniga 100 kishidan ozod etilishi qayd etilgan.

Qolgan 3500 mahbus hukumat va Tolibon o’rtasida muzokaralar boshlangandan so’ng har ikki haftada 500 kishidan ozod etiladi, deyiladi farmonda.

Afg’oniston prezidentining matbuot kotibi Siddiq Siddiqiy Tolibon mahkumlari zo’ravonlikka chek qo’yish, o’t ochishni to’xtatish va o’zaro tinchlik muzokaralarini boshlash evaziga ozodlikka chiqarilishini ma’lum qildi.

“Besh ming mahkum ozod etilishini istasa, Tolibon urushni to’xtatishi shart. Hujumlar to’xtamasa, ozod etish jarayoni to’xtatiladi”, - dedi Siddiqiy Kobulda o’tgan matbuot anjumanida.

AQSh-Tolibon kelishuviga ko’ra, ichki muzokaralar 10-mart sanasida o’tishi kerak edi. Biroq Ashraf G’anining avvaliga mahbus almashinuviga rozi bo’lmagani va keyinchalik prezidentlik uchun raqibi Abdulla Abdulla bilan hokimiyat talashishidan kelib chiqqan tanglik tufayli muzokaralarni boshlash imkoni bo’lmadi.

28-sentabrda o’tgan saylov natijalarini tan olmagan Abdulla Abdulla ham g’olib deb topilgan Ashraf G’ani bilan bir kunda prezidentlik qasamyodini qabul qildi.

Shu tariqa, 9-mart kuni Afg’onistonda bir emas ikki qarama-qarshi hukumat yuzaga keldi. Joriy vaziyat Tolibon bilan tinchlik sulhiga ham soya solishi, o’nlab yillardan beri davom etayotgan urushni to’xtatishga to’siq bo’lishi tayin, deydi tahlilchilar.

Siyosiy beqarorlikka qaramay, AQSh 13 mingga yaqin qo’shinini Afg’oniston hududidan 14 oy mobaynida olib chiqish shartini bajarishga kirishgan. Vashington dastlabki bosqichda, besh mingga yaqin askarini 135 kun ichida olib chiqishini ma’lum qilgan. O’z navbatida, Tolibon hukumat bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va terror xurujlariga chek qo’yish majburiyatini olgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG