Breaking News
AQSh Prezidenti Donald Tramp
AQSh Prezidenti Donald Tramp

Tramp: Butun mamlakat karantinga olinmaydi

Prezident Donald Trampning aytishicha, butun mamlakatni karantinga olish rejasi mavjud emas.

20:48 16.3.2020

AQShning ko'plab shtatlarida maktablar, oliy o'quv yurtlari yopildi. Sport o'yinlari, ko'p odam yig'iladigan tadbirlar qoldirildi. Kompaniyalar o'z xodimlarini uydan ishlashga undamoqda.

Bir milliondan ortiq o'quvchiga ega Nyu-York shahrida ham maktablar yopildi.

Ba'zi rasmiylar restoran va kafelarni ham yopishga chaqirmoqda, ammo xususiy bizneslar hozircha o'z faoliyatini davom ettirmoqda.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom restoran va barlarni yopishni qattiq tavsiya qildi. Ammo bu tavsiyaga amal qilish majburiy emas. Illinoysda esa ular ikki hafta muddatga majburan yopildi.

Hochircha biznes va maktablarni yopish buyruqlari mahalliy darajada berilmoqda. Italiya va Xitoy kabi davlatlarda bo'lganidek, AQShda bunday farmonlar federal darajada qabul qilingani yo'q.

15-mart kuni berilgan matbuot anjumanida Prezident Tramp xavotirga berilmaslikni, oziq-ovqat mahsulotlarini katta miqdorda g'amlab qo'yishga hojat yo'qligini aytdi.

Prezidentning aytishicha, mamlakat bo'ylab do'konlar bo'shab qolgan peshtaxtalarni qayta to'ldirish uchun 24 soat to'xtamay ishlamoqda.

Tramp Markaziy bankni qayta moliyalash stavkasini qariyb nolga tushirgani uchun olqishladi. Bu chora koronavirus pandemiyasi oqibatida turg'unlikka yuz tutayotgan iqtisodiyotga yordam berish maqsadida qabul qilindi. Markaziy bank ayni paytda 750 milliard dollargacha qimmatbaho qog'ozlarni sotib olishni rejalashtiryapti. Maqsad narxlar keskin tushib ketgan aksiyalar bozoriga barqarorlikni qaytarish.

Ayni paytda dunyo bo'ylab koronavirusga qarshi kurash choralari kuchaytirilmoqda.

Sloveniya 17-martdan boshlab barcha havo qatnovlarini to'xtatmoqda. Muhim bo'lmagan bizneslar ham yopiladi.

Ispaniya va Portugaliya sayyohlarni qabul qilishni to'xtatdi, ammo bizneslar o'z faoliyatini davom ettiryapti. Serbiyada ham favqulodda holat e'lon qilinishi kutilyapti.

Barlari bilan mashhur Irlandiyada sharobxonalar ikki hafta muddatga yopildi.

Rim papasi Fransisk balkondan qo'lini chiqarib, xalqqa ko'rinish berdi, ammo uning duosini hech kim qabul qilmadi. Chunki maydon bo'm-bo'sh edi. Butun Italiya bo'ylab karantin e'lon qilingan.

Brazliya Prezidenti Jair Bolsonaru ko'pchilik yig'ilgan joylarga bormaslikka chaqirsa ham, odamlar unga quloq solmadi. 15-mart kuni poytaxtda hukumatni qo'llovchi guruhlar namoyish o'tkazdi.

Prezidentning o'zi ham ko'p o'tmay so'zidan qaytib, namoyishcilarga qo'shildi va ko'pchilik bilan qo'l berib so'rashdi.

16-mart holatiga ko'ra, ayni paytda dunyo bo'ylab koronavirusni yuqtirganlar soni 175 mingga yaqinlashgan. Yetti mingga yaqin odam halok bo'lgan.

21:13 16.3.2020

Yevropa Ittifoqiga kirish cheklandi

Yevropa Komissiyasi Yevropa hududiga muhim bo'lmagan sayohatlarni cheklamoqchi. Bu haqda komissiya Prezidenti Ursula von der Leyen xabar berdi.

"Sayohat qancha kam bo'lsa, virusni shunchalik to'xtata olamiz. "Katta Yettilik" rahbarlariga hozir xabar berganimdek, davlat va hukumat rahbarlariga muhim bo'lmagan sayohatarni cheklashni taklif qildim", - dedi Leyen "Twitter" orqali bayonotida.

Uning qo'shimcha qilishicha, cheklov 30 kun amal qiladi va zarur bo'lsa, yana uzaytirilishi mumkin.

Yevrioa fuqarolari, ularning oila a'zolari, shifokorlar va hamshiralar hamda Yevropa Ittifoqiga mahsulotlarni tashiyotgan shaxslarga bu taqiq amal qilmaydi.

22:09 16.3.2020

16-mart holatiga ko’ra, O'zbekistonda kasallanganlar soni sakkiz kishiga yetgan, so’nggi holat 14-mart kuni Londondan qaytgan o’zbekistonlikda qayd qilingan. Sog'liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning aytishicha, ayni damda 641 kishi karantinda. Bemorlarning ahvoli qoniqarli, deydi vazir.

Adliya vazirligi epidemiyaga qarshi kurashga to’sqinlik qilish, vahima uyg’otuvchi yolg’on xabar tarqatish 8 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo’lishi haqida ogohlantirdi.

Ammo bu keskin choralar virus vahimasi bilan ijtimoiy hayotda boshlangan sarosimani bartaraf etayotgani kuzatilmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlariga talab oshgan, narx-navolar ko’tarilgan.

Hukumat mulozimlari bozorlarda yurib aholini tinchitishga urinmoqda. Davlat idoralari, xususan bojxona qo’mitasi vakillari ijtimoiy tarmoqlarda aholiga oziq-ovqat zahirasiga to’la omborlarni namoyish qilmoqda.

Koronavirus poytaxtda qayd qilinishi ortidan viloyatlarga qaytayotganlar soni ham keskin oshgan. Transport xarajatlari shunga muvofiq jiddiy ko’tarilgan.

O’zbekistonda Qozog’istonda kuzatilgani kabi favqulodda holat e’lon qilinmagan.

Ammo virus xavfining oldini olish, shuningdek ijtimoiy vaziyat nazoratiga doir choralar o’ta keskinlashtirilgan, qamoq jazosi nafaqat vahima uyg’otuvchi yolg’on xabarlar tarqatish, balki kasallikni yashirish, qasddan yuqtirish holatlariga ham tegishli ekanligi ma’lum.

Batafsil o'qing: O'zbekistonda koronavirusga qarshi kurash: qariyb 650 odam karantinda​

00:15 17.3.2020

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi yuzasidan savollariga javob beruvchi markaz ochilgan. 1003 raqamiga telefon qilib, 24/7 zarur axborot so'rash mumkin.

Telegramda kecha ochilgan Koronavirus Info kanaliga ko'ra, bu markazda Toshkent pediatriya tibbiyot institutining 200 dan ortiq mutaxassislari ishlamoqda. Olti smenada navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan.

Tashkilotchilarga ko'ra, ochilganidan keyin bir sutka ichida 20 mingdan ortiq fuqaro murojaat qilgan.

Telefon qilganlardan biri bo'lsangiz, qanday fikrdasiz? Savolingizga javob oldingizmi?

Ko'proq...

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG