Breaking News

Hujjatsiz immigrantlar koronavirusdan himoyalanganmi?


Koronavirus pandemiyasi AQSh aholisini ham jiddiy xavotirga qo’ydi. Mamlakatda kasallanganlar soni 4500 dan oshib ketdi. O’limlar soni ham 80 dan ziyod.

Virusdan himoyalanishga chaqiriqlar avjida. Aholidan jamoat joylarida o’zaro masofa saqlash so’ralmoqda. Biroq minglab hujjatsiz immigrantlar ushlab turilgan AQShning tor xonali markazlarida buning aslo imkoni yo’q.

AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati matbuot kotibining “Amerika Ovozi”ga ma’lum qilishicha, muhojirlar markazida shu paytga qadar COVID-19 aniqlanmagan.

Markazlarda koronavirusni aniqlaydigan testerlarning bor-yo’qligi, mahkumlarning ko’rikdan o’tgan-o’tmaganligi bo’yicha matbuot kotibi izoh bermadi. Xizmat bayonotida pandemiya davriga tegishli barcha ko’rsatmalarga amal qilinayotgani ta’kidlangan xolos.

Huquq faollari hujjatsiz immigrantlarning gavjum markazida virus yuqishi ehtimollari katta ekanini ta’kidlamoqda.

“Markazlar koronavirusga qarshi himoya vositalari, tibbiy asbob-uskunalarga ega emas. Xususan, 2019-yilda 900 dan ziyod immigrantlarda yuqumli kasalliklar aniqlangan edi”, - deydi faollardan Rebeka Entralgo.

Faollar qamoqxonalar qatorida immigrantlar saqlanayotgan markazlar ham koronavirus tez tarqashi mumkin bo’lgan joy ekanidan ogohlantirmoqda.

“Hozircha kasallanganlar yo’q. Rostini aytganda, koronavirus tarqalmasligi uchun arzirli biror ish qilinmagan. Tibbiy ko’rik yo’lga qo’yilmagan. Testerlar esa mamlakat bo’ylab ham taqchil”, - deydi faollardan Ranit Mishori.

Immigratsiya va bojxona xizmati 20 ta markazning 16 tasida infeksiyadan himoyalangan izolyatsiya xonalari mavjudligini bildirmoqda.

“Koronavirus yoki tumov alomatlari qayd etilgan, nafas olishida muammo paydo bo’lgan mahkumlar zudlik bilan maxsus xonalarga ko’chiriladi”, - deydi matbuot kotibi.

Masalaga AQSh qonunchilari ham befarq emas. Vakillar palatasi demokratlari Ichki xavfsizlik vazirligiga shu xususda maktub yo’llagan. Unda markazlarda o’tgan yili yuqumli kasalliklar keng tarqalgani, himoya choralari ko’rilmagani, epidemiyaga qarshi tajribaning yetishmasligi tanqid qilingan. Vazirlikdan markazlarning favqulodda vaziyat rejasini ishlab chiqish talab qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG