Breaking News

Davlatdan yordam olgan muhojirlar grin karta yoki fuqarolik ololmasligi mumkin


Grin karta islohotini talab qilayotgan muhojir ayol
Grin karta islohotini talab qilayotgan muhojir ayol

Tramp ma’muriyati 12-avgust kuni AQSh hududida yashayotgan immigrantlarning doimiy yashash huquqi va fuqarolik olishini cheklovchi tartibni joriy qildi. Xususan, kam ta’minlanganlar uchun mo’ljallangan bepul tibbiy xizmat, oziq-ovqatlar uchun talonlar yoki turar-joy uchun yordam olgan immigrantlarning grin-karta yoki fuqarolikka arizasi rad etiladi.

Oq uyga ko’ra, nochor immigrantlar soliq to’lovchilar yelkasiga ortiqcha yuk. Biroq faollar yangi tartibni kambag’al immigrantlarga nisbatan adolatsizlik deb hisoblaydi.

Arturo Balbino AQShga 14 yil avval noqonuniy yo’l bilan kirgan. Rafiqasi amerikalik. Farzandlari ham bor. Qurilish kompaniyasi ish bilan ta’minlash haqida kafolat xati ham bergan.

Biroq mart oyida uning doimiy yashash huquqi “grin-karta” uchun arizasiga rad javobi berildi. Bunga bepul tibbiy xizmat va oziq-ovqat uchun yordam olgani sabab bo’ldi.

“Hammasi yaxshi bo’lishidan umidvorman. Oilamdan ayrilib, bolalarim kamolini ko’ra olmaslik og’ir musibat bo’ladi”, - deydi Balbino.

Yaqin kelajakda Balbino kabi arizasi rad etilgan immigrantlar soni ortadi. 12-avgustda e’lon qilingan tartibga ko’ra, nochor immigrantlar soliq to’lovchilar yelkasiga ortiqcha yuk.

“Prezident Tramp ma’muriyati o’z-o’zini ta’minlay bilish va shaxsiy mas’uliyatga doir ideallarni mustahkamlamoqda. Bu immigrantlardan Amerikada muvafaqqiyatga erishishni talab qiladi. Tartib muhojirlarning Amerikada fuqarolar hisobiga kun ko’rishining oldini oladi”, - deydi Fuqarolik va immigratsiya idorasi ijrochi direktori Ken Kuchinelli.

Agar immigrant uch yil davomida 12 oydan ko’proq bepul tibbiy xizmat yoki turar-joy uchun ko’mak olgan bo’lsa, soliq to’lovchilar hisobidan kun ko’rgan deb topiladi.

Faollar Oq uy ma’muriyatini iqtisodiy nochor immigrantlarga adolatsiz munosabatda ayblamoqda. Tartib oktabr oyi o’rtalariga qadar kuchga kirmaydi. Biroq ta’siri allaqachon sezilib ulgurgan.

“Aynan shu tartib tufayli immigrantlarning ehtiyojmand qatlami ijtimoiy himoya uchun murojaat qilishdan hadiksirab qolgan. Ular immigratsiya yoki soliq idoralari tomonidan chora ko’rilishidan xavotirda”, - deydi Ikki partiyali siyosiy markaz vakili Kristobal Ramon.

Immigrantlarga qarshi bosim 2020-yilda qayta saylanish uchun urinayotgan Trampga saylovda qo’l kelishi mumkin.

“Demokratlar noqonuniy immigrantlarga ijtimoiy himoyani oshirish haqida bong urib tugan bir paytda Prezident Trampning qattiqqo’l siyosati g’alabani kafolatlashi mumkin”, - deydi Ramon.

Yangi tartib qochqinlar va siyosiy boshpana uchun murojaat qilganlarga mo’ljallangan gumanitar imtiyozlarga ta’sir ko’rsatmaydi. Odam savdosi va zo’ravonlik qurbonlariga ham chora qo’llanmaydi.

Tartib, shuningdek, qarindoshlik asosidagi immigratsiyaga ham ta’sir ko’rsatmaydi. Chunki oila a’zolarining grin-karta olishi uchun homiylik qilayotgan fuqarolar moliyaviy ko’mak to’g’risida kafolat xatini taqdim etishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG