Breaking News

Tramp immigratsiya tizimini butkul o'zgartirmoqchi


Prezident Donald Tramp immigratsiya bo'yicha uzoq kutilgan takliflarini e'lon qildi. Yangi tizim oilaviy va gumanitar ehtiyojlarni ustun qo'ymasdan, mamlakatga yuqori malakali, ilmli odamlarni kiritishni maqsad qilishi kerak, deydi AQSh rahbari.

Taklifga ko'ra, AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi grin-kartalar soni yiliga 1,1 million atrofida qoladi, ammo ularni berish siyosati o'zgarishi kerak. Ya'ni arizalar odamlarning AQShda qarindoshlari borligi yoki boshpanaga muhtojligiga qarab emas, balki malakasi, ishga layoqati va sarmoya qilishga qodirligiga qarab ko'rib chiqiladi.

Hozirda muhojirlarning 12 foiziga malakasiga qarab AQSh vizasi beriladi, 66 foizi esa Amerikada qarindoshlari bo'lgani uchun bu mamlakatga ko'chadi. Taklif shuki, malakaga yoki ish taklifiga asoslangan immigratsion vizalar 57 foizga oshishi, oilaviy asosda beriladiganlari esa 33 foizga tushishi kerak. Gumanitar vizalar soni 22 foizdan 10 foizga tushadi.

Immigratsiya bo'yicha tahlilchilar oilaviy homiylik asosidagi immigratsiyani keskin kamaytirish uchun iqtisodiy asos borligini savolga tutmoqda.

KATO institutidan (CATO Institute) Deyvid Biyerga ko'ra, qarindoshlari homiyligida AQShga keladigan muhojirlarning qariyb yarmi oliy ma'lumotli.

Malakaga asoslangan immigratsiyani ko'paytirishdan AQSh manfaatdor, deydi ekspert, ammo oilaviy vizalar hisobiga emas.

Tramp rejasi grin-karta lotereya o'yinini butunlay yopishni nazarda tutadi.

Tramp immigratsion tizimni tubdan o'zgartirmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:20 0:00

"Amerikani qurish Vizasi" (To build America Visa)

Taklif etilayotgan "Amerikani qurish Viza" dasturi uch toifaning AQShga kirishini osonlashtiradi - iste'do sohiblari, professional va ixtisoslashgan kasb egalari va namunaviy talabalar.

Doimiy yashash huquqini olishda ingliz tilini bilish ham shart qilib belgilanishi ko'zlangan. Amerika siyosiy tizimi va jamiyati haqida ham imtihon topshirish talabi qo'yilishi kerak, deyiladi Oq uy taklifida.

"Ushbu shart har holda mamlakatda xilma-xillikni kamaytiradi. Amerikada ishlayotgan va ishi yurishgan talantli insonlar bor, ular ingliz tilini ravon gapirmasligi mumkin", - deydi tahlilchi Rik Su.

AQShda ulg'aygan yosh muhojirlarchi?

Rejada DAKA (DACA) dasturi haqida hech narsa deyilmagani bois Kongressdagi demokrat qonunchilar uni yoqlashi gumon. Obama prezidentligi davrida bu dastur AQShga bolaligida noqonuniy olib kelingan bolalarni vaqtincha himoya ostiga olgan edi.

Oq uy esa bu immigratsiya tizimini isloh qilishga doir ilk qadamlar ekanini bildirmoqda. DAKA mavzusi o'ta bahsli bo'lgani uchun ham rejaga kiritilmagan.

Tramp ma'muriyati DAKAni bir necha bor tugatishga harakat qilgan bo'lsa-da, programma yopilganicha yo'q. Ish sudlarda ko'rilmoqda. Himoyadagi 700 ming odam taqdiri mavhum.

Respublikachilar va demokratlar orasida azaldan bahsli bo'lgan immigratsiya mavzusi Oq uyga Donald Tramp kelganidan buyon yanada dolzarblashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG