33 kishida koronaviris aniqlangan Qozog’istonning Nur-Sulton va Olmaota shaharlarida karantin joriy etiladi.
Milliy pul tanga qadrsizlanishi bilan kuzatilayotgan epidemiologik tahdid Qozog’iston hukumati uchun jiddiy sinov bo’lishi kutilmoqda.
Mamlakatning ikki yirik shahrida 19-martdan boshlab kuchga kiruvchi karantin doirasida shaharlardagi xavfli hududlar nazoratga olinishi, shaharlarga kirish-chiqish, jamoat transport qatnovi va aholi harakatlanishi keskin cheklanishi, tibbiyot muassasalari tuni-kun xizmat ko’rsatishga o’tishi, oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari barcha savdo markazlari yopilishi kutilyapti.
Avvalroq Qozog’iston hukumati koronavirus tahdidi bois mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan, ommaviy tadbirlar o’tkazilishi bekor qilingan, maktab, ta’lim maskanlarida mashg’ulotlar to’xtatilgan edi. Favqulodda holat davomida davlat idoralari xodimlarining 70 foizga yaqini masofadan turib ishlashga o’tishi ko’zda tutilgan.
Qozog’istonda epidemiya tahdidi milliy valyuta tanganing keskin qadrsizlanishi bilan kuzatilayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirgan.
Bir haftadirki, tanga AQSh dollariga nisbatan keskin qadrsizlanishda davom etmoqda. Sarosima dollarga nisbatan ehtiyojni keskin oshirgan, ammo valyuta sotuvida taqchillik yuzaga kela boshlagani kuzatilgan.
Hukumat bu silkinishni dunyo bo’ylab neft bahosining tushib ketishi bilan izohlamoqda. Neft eksporti esa Qozog’iston iqtisodida muhim o’rin tutadi.
Ammo milliy valyuta bilan bog’liq silkinishlarda mamlakatda tarqayotgan koronavirus bois uyg‘ongan ijtimoiy sarosimalar ham e’tibordan soqit qilinmaydi.
Ayni paytda Qozog’istonda 33 kishida virus infeksiyasi aniqlangan. Kasallar asosan Nur-Sulton va Olmaota shaharlariga to’g’ri keladi. Mamlakat Prezidenti Qosim-Jo’mart Tokayev va elboshi Nursulton Nazaboyev aholiga murojaat bilan chiqib, vaziyat nazorat ostida ekanligini ta’kidlab, vahimaga tushmaslikka chaqirgan.
Nur-Sulton hokimi poytaxtliklarga murojaatida karantin tizimini komendantlik soati rejimi bilan adashtirmaslikni, karantin faqat aholi xavfsizligi va salomatligini muhofazalash uchun joriy etilayotganini eslatib o’tgan.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarda karantin joriy etilgan shaharlarga harbiy texnika olib kirilayotgani, kirish joylarida qo‘shimcha blok postlar o’rnatilayotgani, shaharda harbiylar, huquq-tartibot idoralari safi kengayayotganiga diqqat qaratilmoqda.
Qozog’istonda koronavirus bois favqulodda holat, ikki yirik shaharda karantin joriy etilishidan bir muncha oldin mamlakatda hukumatga qarshi bir nechta yirik namoyishlar bo’lib o’tgan, namoyishchilardan birining hibsxonada vafot etishi esa jamoatchilikda hukumatga qarshi jiddiy norozilik uyg’otgan edi.
Bu norozilik ortidan turgan muxolifat faollari hukumatga nisbatan o’z tanqidlarini va talablarini to’xtatishmagan, ommaviy norozilikka doir chaqiriqlar yangramayotgan bo’lsa-da, hukumat iste’fosi, milliy valyuta qadrsizlanishi ortidan aholi ijtimoiy himoyasini ta’minlashga doir talablar davom etmoqda.
Qozog’iston Markaziy Osiyoda koronavirus dastlab aniqlangan mamlakat bo’ldi. Keyinchalik bu virusning O’zbekistonda topilishi Qozog’iston bilan bog’liq emas.
Qozog’iston va O’zbekiston aniqlangan holatlarning deyarli barchasi Yevropa davlatlari orqali kirib kelgan.
17-mart holatiga ko’ra, Qozog’istonda 33 kishida koronavirus aniqlangan, O’zbekistonda esa bu ko’rsatkich 11 kishini tashkil qilmoqda. Har ikki davlatda ham o’lim bilan bog’liq holatlar, shuningdek, bu kasallikdan tuzalganlar ham hozircha qayd etilmagan.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida 17-mart vaziyatiga ko’ra koronavirus topilmagan, ammo Qirg’iziston, Tojikiston, Turkmanistonda ham virus tarqalishiga qarshi choralar keskin kuchaytirilgan. Chegaralardagi qatnov deyarli to’xtagan, chegaralar faqat yuk o’tkazish uchun ochiq qolayotgani ta’kidlanadi.
Koronavirus qayd etilishi yoki etilmaganidan qat’i nazar, mintaqa davlatlarining barchasida virus bilan bog’liq sarosima kuzatilmoqda. Aholi narx-navo keskin oshishidan, oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelishidan xavotirda.
Markaziy Osiyo bo’ylab ommaviy tadbirlar o’tkazilishi, jumladan, juma namozlarini jamoa bo’lib o’qish tartibi ham bekor qilingan.
Avvlroq O’zbekiston Musulmonlar idorasi rahbari, muftiy Usmonxon Alimov juma namozlarini vaqtincha jamoa bo’lib o’qimaslik mumkinligiga doir maxsus fatvo bilan chiqqan edi.
Facebook Forum