Breaking News

Koronavirus bo'yicha Germaniyada vaziyat qanday?


Koronavirus: Yevropada vaziyat qanday?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:40 0:00

Yevropa bugun koronavirusning o’cho’g’ga aylandi. Yangi virus Yevropa bo’ylab, jumladan, Germaniyada ham shiddat bilan tarqamoqda.

18-mart holatiga ko’ra, Germaniyada koronavirusga chalinganlar soni 10 mingga yaqinlashgan, 26 o'lim holati yuz bergan.

Virus avj olar ekan, Germaniya hukumati xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirdi, ayrim federal yerlarda favqulodda holat ham joriy etilgan.

Germaniyaga kirish deyarli to’xtatilgan, mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilingan, maktablar, ko’ngilochar va savdo markazlari yopilgan. Oziq-ovqat do’konlari, dorixonalar, tibbiy markazlar ish tartibi uzaytirilgan.

Hukumat aholiga sababsiz uydan chiqmaslikni, o’zaro bevosita muloqotdan tiyilishni maslahat bermoqda. Aholi bu tavsiyalarga bir qadar amal qilayotgandek, mamlakatda shahar markazlari, xiyobonlar deyarli bo’shab qolgan.

Koronavirus tarqalishi bo’yicha Germaniya Yevropada Italiya va Ispaniyadan keyingi o’rinda. Ammo Italiya, Ispaniya va Fransiyadan farqli Germniyada o’lim holatlari nisbatan kam. Mutaxassislar buning sababini Germaniyada virusga qarshi samarali davolash usuli mavjudligi bilan emas, balki mamlakatda avvaldan tibbiy xizmat ko’rsatish sifati yuqori bo’lgani bilan izohlashadi.

Germaniya ayni paytda koronavirusga qarshi vaksina yaratish arafasida. Tubinger shahrida joylashgan biotexnologik tadqiqotlarga ixtisoslashgan "CureVac" firmasi shu yilning o'zida vaksina taqdim etishi mumkinligi haqida xabarlar bor. Hatto bu ixtiro AQSh va Germaniya o'rtasida kichik mojaroga ham sabab bo’ldi.

Nemis matbuotining yozishicha, 3-mart kuni AQShda Prezident Donald Tramp farmesevtik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashgan. Muloqotda "CureVac" firmasi direktori Daniel Manikella ham qatnashgan.

Xabarlarga ko’ra, bu uchrashuvda prezident Tramp Menikiellaga firma ishlab chiqayotgan vaksina huquqi Amerikaga tegishli bo’lishiga oid mo’may taklif bilan chiqqan, Daniel Manikella bu taklifga rozi bo’lgan.

Mojaro Manikealla Germaniyaga qaytgach boshlangan. Bir hafta o’tib u biror izohlarsiz ishdan ketgan. Firma ta’sischisi hisoblangan nemis milliarderi Ditmar Hopp vaksina huquqi biror davlatga sotilmasligi, balki barcha insoniyat uchun ishlab chiqarilishiga doir bayonot bilan chiqqan.

Nazarda tutilayotgan vaksina yozda klinik sinovlardan o’tishi, sinov muvaffaqiyatli tugagan taqdirda shu yilning kuzidan ommaviy ravishda emlash boshlanishi xabar qilinadi.

Virusologiya bo’yicha Germaniyadagi nufuzli markazlardan biri Robert Kox institutining koronavirusga doir tashxislari esa ancha tashvishli, pandemiya muddati ikki yilga qadar cho‘zilishi mumkinligi, 80 millionlik Germaniyaning o’zida bu virusni 60 foiz aholi yuqtirishi ehtimoli taxmin qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG