Breaking News

Tramp: "Xitoy virusi"ni albatta yengamiz


Prezident Donald Tramp 22-mart kuni Oq uydan gapirar ekan, koronavirusni "Xitoy virusi" deb atashda davom etdi. Bu ko'rinmas dushmanga qarshi, deydi u, hukumat qo'ldan kelgan barcha chora-tadbirlarni ko'rmoqda.

"Amerikaliklardan, zarur bo'lmasa, tashqariga chiqmaslikni, gigiyena qoidalariga rioya qilishni va virusga chalinmaslik uchun shaxsan va oilaviy nimaiki chora ko'ra olsa, shuni qilishni so'raymiz", - deydi prezident.

Hukumat xususiy sektorni quvvatlaydi, kichik, o'rta va katta bizneslar, hamma yordam oladi, deydi Tramp.

Nyu-York, Kaliforniya va Vashington - "Xitoy virusi"dan eng ko'p zarar ko'rgan shtatlar, deydi davlat rahbari. Ularga ko'proq ko'mak ko'rsatiladi. Har bir shtatga zarur tibbiy vositalar va madad yetkaziladi.

AQSh Kongressining uch a'zosi - bir senator va ikki vakil - ayni damda koronavirus bilan olishmoqda. Florida shtatidan respublikachi kongressmen Mario Diaz-Balart va Yuta shtatidan demokrat kongressmen Ben Makadamsda virus o'tgan hafta aniqlangan edi.

Bugun Kentukki shtatidan respublikachi senator Rend Pol ham test javobini olgan va unga ko'ra, siyosatchi kasal. Uchalasi ham karatinda va muolajada. Prezident ular bilan aloqada ekanini aytib, "har birining ahvoli yaxshi", dedi.

Ayni damda asosiy vazifa - har bir shtat kasalxonalarini zarur tibbiy jihoz, dori-darmon va ashyolar, jumladan maska va xalatlar bilan ta'minlash, deydi Tramp.

"Har bir amerikalik uyidan turib, shifokor bilan bemalol bog'lanib, maslahat ola bilishi kerak. Mamlakatning katta qismida shunday sharoit yaratilgan va bu borada harakatlarni davom ettiramiz. Odamlar shifoxonalarga borishi yoki oddiy sabablar uchun uyidan chiqishi shart emas", - deydi Tramp.

"Hech kimga oson emas. Hukumat sizni tushunadi", - deydi prezident amerikaliklarga murojaat qilar ekan.

"O'zingizni yolg'iz his qilmang. Hammamiz birgamiz. Chunki bugungi holat bilan har birimiz yuzlashmoqdamiz. Uch hafta oldin boshqacha jamiyat edik. Bugun birdamlik kuchli, siyosiy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham. Ruhan birgamiz va shu bois ham shijoat ila bu kurashni yengamiz", - deydi Tramp.

Koronavirusga chalinganlar Amerikada bugun 32 mingdan oshgan. O'lganlar 420 nafarga yaqinlashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG