Breaking News

Bayden Trampning koronavirusga qarshi kurash choralarini nishonga oldi


Prezidentlik uchun Demokratik partiyadan yetakchi nomzod Jo Bayden
Prezidentlik uchun Demokratik partiyadan yetakchi nomzod Jo Bayden

Koronavirus tarqalishi kuchaygandan beri prezidentlik uchun Demokratik partiya yetakchi nomzodi Jo Bayden Delaverdagi uyida o'zini izolyatsiya qilmoqda.

Partiyaning ichki saylovlarida asosiy raqibi senator Berni Sandersdan peshqadamlikni tortib olgan Bayden kampaniyasi so'nggi kunlarda koronavirus pandemiyasi soyasida qolib ketdi.

Bayden endi e'tiborini Prezident Donald Trampning koronavirusga qarshi kurash choralariga qaratmoqda.

U 23-mart kuni e'lon qilgan videomurojaatida Trampni virusga qarshi kurashni kech boshlaganlikda aybladi.

"Juda uzoq vaqt ogohlantiruvchi chaqiriqlarga e'tibor berilmadi", - dedi Bayden uyida barpo qilingan kichik telestudiyadan turib.

"Uzoq vaqt ma'muriyat tahdidlar nazorat ostida ekanini, u xuddi tumovga o'xshashligini aytib keldi", - deya qo'shimcha qildi u.

Baydenga ko'ra, Tramp Mudofaa uchun ishlab chiqarish qonuni asosida kompaniyalarni zarur tibbiy jihozlarni ishlab chiqarishga yo'naltirishi mumkin edi, ammo buni uddalay oladi.

"Tramp o'zini urush davri prezidenti deb ataydi. Shunga yarasha ish qiling unda", - dedi Bayden.

Tramp Koreya urushi davrida qabul qilingan Mudofaa uchun ishlab chiqarish qonuni vakolatlaridan foydalanish huquqini beruvchi ikkita qaror chiqardi, ammu bu vakolatlardan foydalanishni "eng yomon holatlar" uchun saqlayotganini aytdi.

Tramp jamoatchilik sog'lig'ini qo'llab-quvvtlash va iqtisodiyotni turg'unlikdan olib chiqishga qaratilgan bir qator qonunlarni, shuningdek, 100 million amerikalikka o'z uyidan chiqmaslikni buyuruvchi mahalliy choralarni qo'llab-quvvatladi.

Yanvar oyida Xitoy ko'plab shaharlarida karantin e'lon qilishi ortidan 31-yanvar kuni AQSh Xitoyga borish-kelishni chekladi; 21-mart kuni esa deyarli barcha Yevropa davlatlariga shunday taqiq qo'yildi.

Ammo Trampning iqtisodiyotga qo'yilgan cheklovlarni Pasxa bayramigacha (12-aprel) yengillatish niyatida ekani haqida aytgan gaplari xavotirlarni oshirdi. Demokratlar, shtat gubernatorlari va sog'liqni saqlash bo'yicha mutaxassislarning aytishicha, karantinni erta tugatish virus tarqalishini qayta kuchaytirishi mumkin.

Aholining butun e'tibori koronavirus pandemiyasiga qaratilgan bir paytda Jo Baydenning saylov kampaniyasi o'z o'rnini topishga qiynalyapti.

Shu oy boshida Bayden kampaniyasi tomonidan e'lon qilingan koronavirusga qarshi kurash rejasi kutilgandek e'tiborga tushmadi. Rejada koronavirus uchun tekshirishni barcha uchun bepul qilish, pandemiya tufayli ishi to'xtagan bizneslarga pulli ta'til berish kabi choralar nazarda tutilgan.

Tramp virusga qarshi kurash bo'yicha deyarli kunlik hisobot berib borar ekan, so'nggi kunlarda uning so'rovlardagi reytingi oshmoqda.

Partiyabozlik tanqidiga yo'liqmaslik uchun Bayden o'z murojaatlarida Trampni to'g'ridan to'g'ri ayblashdan ehtiyot bo'lyapti.

"Koronavirusning paydo bo'lishiga u aybdor emas, lekin tezkor javob choralarini ko'rishda sustkashlikka yo'l qo'ydi", - dedi Bayden.

"Bunga demokrat yoki respublikachi bo'lishning aloqasi yo'q. Bu partiyaga ham tegishli emas. Masala uni qanday yengishda", - deya qo'shimcha qildi demokrat nomzod.

Tramp mamlakatni 12-aprelgacha ochish niyatida ekanini e'lon qilishi ortidan Bayden uning bu bayonotini qoralab chiqdi.

"Hammamiz iqtisodiyotning imkon qadar tez ochilishini xohlaymiz, - dedi u. - U Pasxagacha hammani ishga qaytarmoqchi. Biz shunga tayyormizmi? U nima deyapti o'zi?"

Bayden saylov kampaniyasida Vashingtondagi uzoq yillik siyosiy karyerasiga urg'u bermoqda. U 1973 - 2009-yillar Delaver shtatidan senator bo'lgan. 2009-2017-yillar esa Obama ma'muriyatida ikki marta vitse-prezidentlik qilgan.

Prezident Tramp Baydenni masalani siyosiylashtirmaslikka chaqirdi.

"Jo Bayden koronavirusni yana siyosiylashtiryapti. Uning pandemiya bo'yicha tajribasi noqobillikdan boshqa narsa emas", - dedi Tramp.

Bu bilan u 2009-yil cho'chqa grippi tarqagan payt Bayden aytgan bahsli bayonotlarga ishora qildi.

"2009-yil cho'chqa grippi tarqalganda Bayden ilm-fan va mutaxassislar tasdiqlamagan asossiz gaplarni aytgan edi. Obama ma'muriyati bu bema'nilikni tuzatib, uzr so'ragan", - deb yozdi Tramp "Twitter" sahifasida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG