Luiziana shtatida bir mahbusning halok bo’lishi ortidan ikki milliondan ortiq odam saqlanuvchi Amerika qamoqxonalarida “Covid-19” virusi tarqalishi haqida xavotirlar oshdi. Mutaxassislarning ogohlantirishicha, pandemiya qamoqxonalarga kirsa, ular joylashgan hududlardagi kasalxonalar minglab mahbuslarni qabul qilishga tayyor emas.
49 yoshli mahbus AQSh qamoqxonalarida koronavirusga berilgan birinchi qurbon bo’ldi. Shundan beri mamlakat hibsxonalarida xavotir kuchaydi.
Virus keng tarqalgan shtatlardan biri Luiziana vaziyat og’irlashishining oldini olish uchun zo’ravon jinoyat sodir etmagan mahbuslarni ozodlikka chiqardi. Nyu-York shahrida ham shunday qilinmoqda.
Rasmiylarning aytishicha, qamoqxonalarda virus tarqalishini to’xtatish muhim vazifa. Shu kungacha Nyu-Yorkda 200 dan ortiq mahbus va qamoqxona xodimlarida virus aniqlandi. Natijada yuzlab mahkum ozodlikka chiqarildi.
“Bezorilik yoki nozo’ravon ayblar bilan qamalganlar ozod qilinadi. Bu toifadagilar soni 500 dan ortiq”, - dedi shahar meri Bil de Blazio.
Chikagoda esa yuzlab mahbuslarni ozod qilish masalasi sudlar tomonidan birma-bir ko’rib chiqilmoqda.
Texas gubernatori aholi noroziligi va siyosiy sabablarga ko’ra mahkumlarni ozod qilish qaroridan voz kechdi.
“Huquq-tartibot rasmiylari va fuqarolardan ko’plab xavotirlar bildirildi. Koronavirus tufayli xavfli jinoyatchilar chiqib ketishi mumkin”, - dedi shtat gubernatori Greg Abbot.
AQSh Adliya vaziri keksa va xasta mahbuslarni uy qamog’iga o’tkazishni buyurdi. Nodavlat tashkilotlar va faollar boshqa mahbuslarning ham ozod qilinishini talab qilmoqda.
“O’zaro masofani saqlash va natijada qamoqxonadagilar sonini qisqartirsh uchun tahdidi kam jinoyatchilar ozod qilinishi lozim. Hozirgi inqiroz vaqtida qamoqda saqlash so’nggi chora bo’lishi kerak”, - dedi BMTning Inson huquqlari bo’yicha komissari Mishel Bachelet.
AQSh federal qamoqxona ishchilari kasaba uyushmasi rahbarining aytishicha, mahkumlarning harakatlanishi kamida 21 kunga to’xtatilishi kerak. Qamoqxonalar byurosi barcha mahbuslar 14 kun karantinga olinishini e’lon qildi.
Hozircha mamlakat bo’ylab virusga chalingan mahbuslar yoki qamoqxona xodimlari soni xavotirli darajada yuqori emas. Ammo rasmiylar vaziyat og’irlashishidan xavotirda.
Facebook Forum