Kremlga ko’ra, Rossiyada “COVID-19” virusiga qarshi kurash yangi bosqichga chiqmoqda. Infeksiya shu paytgacha 4000 dan ortiq rossiyalikka yuqib, kamida 30 kishining umriga zomin bo’lishi ortidan hukumat mamlakat bo’ylab karantin e’lon qildi.
Koronavirus dunyoga tez yoyilayotgan bir paytda pandemiyaning ilk o’chog’i bo’lgan Xitoyga qo’shni Rossiyada kasallikning juda kam qayd etilgani ko’pchilikni hayratga soldi.
Jamoatchilik ham xavfni jiddiy qabul qilmadi. Kreml esa hukumatning aqlli siyosati virus yoyilishini to’xtatganini da’vo qildi.
“Rossiyada kasallikning keng tarqalishi va kirib kelishini to’xtatishga muvaffaq bo’ldik. Xavf katta bo’lishiga qaramay, vaziyat nazoratimiz ostida”, - dedi Prezident Vladimir Putin.
Virus tarqalishi Kremlning Rossiya konstitutsiyasini o’zgartirishga oid referendum o’tkazish rejasi bilan bir paytga to’g’ri keldi. Asosiy o’zgarish – Putinning prezidentlik muddatiga qo’yilgan cheklovlarni olib tashlab, uning qayta saylovda ishtirok etishiga ruxsat berish.
Tanqidchilarning aytishicha, shu kabi siyosiy sabablar tufayli hukumat virusga chalinganlar sonini kam qilib ko’rsatayotgan bo’lishi mumkin.
“Albatta, shifokorlar Sog’liqni saqlash vazirligiga quloq tutadi. Rossiyada statistika doim eng tepadagi hukumatning siyosiy maqsadlariga qarab boshqarilgan”, - deydi Shifokorlar alyansi vakili Anastasiya Vasilyeva.
Kasallanganlar sonining ko’payishi va ilk qurbonlar berilishi ortidan Putin ovoz berishni keyinga qoldirishga majbur bo’ldi.
Bugun Rossiya rahbari tahdidning haqiqiy ko’lamini anglagandek.
12 milliondan ortiq aholiga ega Moskva to’liq karantinga olindi. Bunday tartib viloyatlarga ham joriy qilinmoqda. Rossiya keskin kurash choralariga qo’l urmoqda. Ammo u bunday kurashga tayyormi, degan savol bor.
Davat matbuoti Rossiya kasalxonalarining tahdidni yengishga qodirligini yozsa, tanqidchilar qimmatli vaqt boy berilganini aytmoqda.
“Shifokor sifatida aytadigan bo’lsam, bir qator muammolarimiz bor. Himoya vositalarining yetishmovchiligi borasida jiddiy muammolar mavjud. Nafaqat bu yerda, balki boshqa kasalxonalarda ham”, - deydi neyroxirurg Vsevolod Shurxay.
Moskvaning asosiy karantin zonasidagi bosh shifokor Prezident Vladimir Putin bilan uchrashishidan bir hafta o’tib koronavirusga chalingani ma’lum bo’ldi.
Kremlga ko’ra, prezident test topshirgan va sog’ligi yaxshi. Kasallangan doktorning ham ahvoli yaxshilanayotgani aytilmoqda.
Kelgusi haftalar mamlakatning holati qanday bo’lishi esa mavhum.
Facebook Forum