Breaking News

Koronavirus va Rossiya: Putin o’z hokimiyatini mustahkamlash harakatida


Koronavirusga qarshi yetarli choralar ko'rilmayotganidan norozi fuqarolardan biri namoyish o'tkazmoqda, Moskva, Rossiya, 2020-yil, 24-yanvar
Koronavirusga qarshi yetarli choralar ko'rilmayotganidan norozi fuqarolardan biri namoyish o'tkazmoqda, Moskva, Rossiya, 2020-yil, 24-yanvar

22-aprel kuni rossiyaliklar konstitutsiyani o’zgartirishga oid takliflar yuzasidan ovoz beradi. Taqdim etilayotgan o’zgarishlardan biri Vladimir Putinga kelgusi prezidentlik saylovlarida ham nomzod sifatida qatnashish huquqini beradi.

“Odamlar 22-aprel kuni ovoz berishga chiqib, o’zgarishlarni qo’llab-quvvatlashidan umidvorman”, - dedi Putin Qrim bosib olinganining olti yilligi nishonlangan tadbirda.

“Agar koronavirus bilan bog’liq muammolar yuz bersa, uni keyinroqqa qoldirishimiz mumkin. Agar epidemiologik vaziyat ruxsat bersa, milliy ovoz berishni o’tkazamiz. Agar bo’lmasa, keyinga qoldiramiz” – deya qo’shimcha qildi Putin.

Konstitutsiyada belgilangan tartib bo’yicha, Putin ayni paytda so’nggi prezidentlk muddatini o’tamoqda va bu muddat 2024-yilda nihoyasiga yetishi kerak.

Tanqidchilar konstitutsiyaga kiritilayotgan o’zgarishni Putinning umrbod hokimiyatda qolish istagi bilan izohlamoqda. Ammo koronavirus pandemiyasining boshlanishi va buning Rossiya iqtisodiyotiga katta zarar yetkazayotgani Putin uchun kutilmagan boshog’riq bo’ldi.

Koronavirus yuqtirganlar soni qancha?

Rossiyada virus yuqtirganlar soni boshqa ko’plab davlatlarga qaraganda ancha kam. Hukumat buni choralar o’z vaqtida ko’rilgani bilan izohlamoqda. Tanqidchilar fikricha esa, asl holat yashirilayotgan bo’lishi mumkin.

18-mart kuni mamlakatda 33 ta yangi koronavirus holati aniqlangan. Kasallikdan o’lganlar mavjud emas. Jami virus yuqtirganlar soni 147 taga yetgan.

“Viruslar davlat chegaralarini bilmasligi bizga ma’lum. Tahdid yuqori bo’lishiga qaramay, vaziyat, umuman olganda, nazorat ostida”, - dedi Putin.

Hududi bo’yicha dunyoning eng katta mamlakati bo’lgan Rossiya, virus keng tarqalgan Xitoy va Yevropa davlatlari bilan qo’shni bo’lishiga qaramay, hanuz jiddiy epidemiya bilan yuzlashmagani mutaxassislarni ajablantirmoqda.

Rossiya rasmiylari koronavirus holatlarini oddiy tumov sifatida tasniflayotgani haqida xavotirlar ham bor.

Rossiyaliklarning “PRC News” onlayn tadqiqot portalida yozilishicha, koronavirus tahlilini olib borayotgan Rossiya laboratoriyasi tasdiqlanmagan usulni qo’llayotgani bois, ko’plab holatlarda virus borligi aniqlanmayotgan bo’lishi mumkin.

“Natijada rasmiy statistika epidemiologik vaziyatni noto’g’ri aks ettiradi va ko’rilayotgan choralar haqiqiy tahdid uchun yetarli emas”, - deydi maqola mualliflari Yelena Kleshenko va Aleksey Torgashev.

Rossiyaliklar hayoti izdan chiqdi

Hukumat virus tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirar ekan, oddiy fuqarolarning yashash tarzi ham keskin o’zgarishlarga uchradi.

18-mart kuni Rossiya chegaralari xalqaro sayohatchilar uchun 1-maygacha rasman yopildi. Havo qatnovlari bekor qilingani bois xorijdagi ko’plab rossiyaliklar vataniga qayta olmayapti.

Mamlakat bo’ylab maktablar ham 23-martdan 12-aprelgacha yopildi.

Moskvada jamoat transportlari har kuni dezinfeksiya qilinishi belgilangan. Ko’plab davlat idoralari xodimlarini uydan ishlashga o’tkazyapti yoki vaqtinchalik ta’tilga chiqargan.

Rossiya Provaslav cherkovi bir qator diniy marosimlarni bekor qildi. Dindorlarga rohiblarning qo’lini o’pish ham taqiqlandi.

Moskvadagi AQSh elchixonasi o’z xodimlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida viza berish va boshqa xizmatlar vaqtincha to’xtatilayotganini e’lon qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa karantin muddatini yumor va hazil bilan o’tkazishga urinayotganlar ko’p.

“Karantinda o’tirish u qadar yomon emas, faqat bitta narsani tushunmayapman. Nega bitta xaltada 2082 ta grechka chiqdi, ikkinchisida 2947 ta?” – deb yozadi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG