Breaking News

AQSh konspiratsion nazariyalar yuzasidan Xitoy elchisiga arz qildi


Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijian
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijian

Qo’shma Shtatlar Xitoy tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus haqida “bema’ni” gaplar tarqatilayotganidan shikoyat qilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijian COVID-19 pandemiyasida AQSh harbiylarini ayblab tvit yozganidan so’ng, Xitoyning Vashingtondagi elchisi Chuy Tiankay Davlat departamentiga chaqirtirilgan.

“Xitoy global pandemiyani boshlab qo’yib, buni sir tutgani uchun tanqidlardan qochishga urinmoqda. Konspiratsion teoriyalarni tarqatish ham xavfli, ham kulgili”, - deydi departament rasmiysi.

Xitoy va ingliz tillarida yozgan Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijianning da’vo qilishicha, ilk bemor Uxan shahridan emas, balki AQShdan Xitoyga kelgan bo’lishi mumkin.

“Ehtimol epidemiyani Uxanga AQSh armiyasi olib kelgandir. Shaffof bo’ling, bu ma’lumotlarni ommaga oshkor qiling. AQSh bizga tushuntirish berishi kerak”, deb yozdi Xitoy ramiysi.

Xitoyning AQShdagi elchisi Chuy Tiankay
Xitoyning AQShdagi elchisi Chuy Tiankay

“Uxan virusi”

Pandemiya borasida ertaroq chora ko’rmaganlikda ayblanayotgan Tramp ma’muriyati virusning xorijdan kirib kelganiga urg’u bermoqda. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo uni “Uxan virusi” deb tasvirladi.

Xitoy elchisi Chuy Tiankay tajribali diplomat sifatida tilga olinadi. Uning aytishicha, Xitoy “farovon mushtarak kelajak” uchun COVID-19 ga qarshi kurashda Amerika bilan yaqindan ishlashdan umidvor.

Olimlarga ko’ra, koronavirus manbai ekzotik hayvonlar iste’mol uchun sotiladigan Uxan bozoridir.

AQShda favqulodda holat e’lon qilgan Prezident Donald Tramp ham konspiratsion nazariyalarni inkor etdi.

“Ular [xitoyliklar] virus qayerdan kelganini bilishadi, hamma biladi”, - dedi prezident jurnalistlar savollariga javoban.

Konspiratsion nazariyalar

14-mart holatiga ko’ra, dunyo bo’ylab 5600 dan ziyod odamni hayotdan olib ketgan COVID-19 haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli xil konspiratsion gaplar tarqalmoqda.

AQSh rasmiylarining aytishicha, koronavirus ortida AQSh turgani to’g’risida “Facebook” va “Twitter” orqali sistematik ravishda mish-mish tarqatayotgan davlatlardan biri bu – Rossiya.

Bu orada, Eron sobiq Prezidenti Mahmud Ahmadinajod Jahon sog’liqni saqlash tashkilotidan tekshiruv boshlashni so’ramoqda. “Insoniyatga qarshi biologik urushni” kim boshlagani, nega AQShning raqiblari Xitoy va Eron undan qattiq zarba yeganini aniqlash lozim, deydi u.

Ayni paytda Xitoydan keyin eng ko’p kasallanganlar AQShning ittifoqchisi Italiyada qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG