Breaking News

Koronavirus rasman Markaziy Osiyoda ham qayd etildi


Almati, Qozog'iston
Almati, Qozog'iston

Qozog’iston Germaniyadan mamlakatga qaytgan uch fuqarosida koronavirus topilganini ma’lum qildi. Bu Markaziy Osiyoda infeksiya rasman qayd etilgan ilk holat.

Qozog’iston sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, ayni paytda virus aniqlangan fuqarolar Almatidagi shifoxonaga joylashtirilgan, ularning salomatligi mo’tadil.

Biri 9-mart, ikkinchisi esa 12-mart kuni Germaniyadan Qozog’istonga kelgan fuqarolar bilan uchgan yo’lovchilar, muloqotga kirishganlar aniqlanayotgani, ular barchasi 14 kun muddatga karantinga olinishi ma’lum qilingan.

Qozog’iston mamlakatda favqulodda holat joriy etish qarorida emas. Hukumat vaziyat nazorat ostida ekanligini ta’kidlar ekan, aholini ortiqcha vahimaga tushmaslikka chaqirmoqda.

Germaniya bilan aviaqatnovlar ham bekor qilinmasligi, ammo karantin choralari kuchaytirilishi bildirilgan.

Qozog’istondan tashqari mintaqani boshqa davlatlarida 13- martdagi vaziyatga ko’ra koronavirus qayd qilinmagan, ammo jamoatchilik bu borada tarqalayotgan turli vahimalar, tasdiqsiz xabarlardan xoli emas, jumladan O’zbekiston ham.

13-mart kuni O’zbekiston sog’liqni saqlash vazirligi Olmaliq shahrida 17 kishi koronavirus tufayli vafot etganiga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad etib chiqdi.

Jamoatchilikda keng munozaraga sabab bo’lgan bu xabarda Sog’liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi maxfiy yig’ilish o’tkazgani, mamlakatdagi vaziyat ancha jiddiy, og’ir ekanligi aytiladi.

Sog’liqni saqlash vazirligi bu boradagi raddiyasida tizim ochiq ishlayotgani, jamoatchilik tegishli choralardan, karantinga oid vaziyat yuzasidan ham zudlik bilan xabardor qilinayotganini, ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan bu xabar yolg’on va asossizligini ta’kidlaydi.

Yevropaning bo'shab qolgan aeroportlari
Yevropaning bo'shab qolgan aeroportlari

11-mart kuni Toshkentda koronavirusga doir o’tgan konferensiyada virus hozircha Markaziy Osiyoni chetlab o’tayotgani ta’kidlashgan edi.

Bu konferensiyada koronavirusga qarshi kurashda ko’maklashish uchun mamlakatga kelgan virusologiya bo’yicha xalqaro toifadagi ekspert Mixail Favorov epidemiya xavfiga qarshi O’zbekiston imkoniyatlari haqida gapirgan.

Mutaxassisiga ko’ra, u mamlakatdagi vaziyat bilan tanishib chiqqan, epidemiyaga qarshi turishdagi dastlabki muammolardan biri sun’iy nafas oldirish apparatlarini ko’paytirish, shuningdek virus yuqtirganlarni karantinga olishga ixtisoslashgan maxsus bo’limlar tashkil etish hisoblanadi. Virus qayd etilmagan bir paytda kasallik tarqalmasligi uchun ko’rilayotgan choralar esa qoniqarli.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens koronavirusning mamlakatga kirib kelishi ehtimolini yuqori baholagan.

O’zbekiston hukumati, tegishli idoralar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotganini qayd etgan JSST vakiliga ko’ra, dunyodagi rivojlangan davlatlar ham shiddat bilan tarqayotgan bu virusga qarshilik ko’rsatishga tayyor emas, ammo aholi bundan vahimaga tushmasligi, aksincha virus tarqashiga qarshi chora tadbirlarga amal qilish bilan o’z faolligini ko’rsatishi lozim.

JSST bir muncha oldin dunyo davlatlarini koronavirus epidemiya ko’rinishidan pandemiya shakliga o’tganligi yuzasidan ogohlantirish bilan chiqqan, zudlik bilan keskin choralar ko’rishga da’vat etgan edi.

Koronavirus o'chog'i bo'lgan Xitoy dunyo bo'ylab keskin tanqid ostida
Koronavirus o'chog'i bo'lgan Xitoy dunyo bo'ylab keskin tanqid ostida

Koronavirus o’chog’iga aylangan Xitoy, Eron kabi davlatlar bilan qo’shni bo’lgan Markaziy Osiyo hozirgacha bu virusdan xoli hudud sifatida e’tirof etilayotgan edi.

Qozog’istonda virus aniqlanishi hozircha Markaziy Osiyodagi davlatlar o’rtasidagi qatnovga, jumladan Qozog’iston va O’zbekiston o’rtasidagi bordi-keldiga qanchalik ta’sir o’tkazishi hozircha noma’lum.

Ammo koronavirus tahdidi tufayli Markaziy Osiyodagi o’zaro chegaralarda ham nazorat kuchaytirilgan, aholi qatnovlari cheklanayotgan edi.

Yaqinda Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi Bishkekda O’zbekiston elchixonasiga diplomatik nota topshirgan.

Qirg’iziston hukumatining koronavirus tahdidi bois mamlakatga kirayotgan fuqarolar oqimini cheklash yuzasidan qabul qilingan qarori haqida xabar berilgan bu nota koronavirusga qarshi qo’shi davlatlar ham o’zaro chegaralarda jiddiy cheklovlar o’rnata boshlaganidan darak beradi.

Shu munosabat bilan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qirg’izistonga borish niyatidagi o’zbekistonliklarni yoki O’zbekiston orqali Qirg’izistonga o’tmoqchi bo’lgan xorij fuqarolarini Qirg’iziston hukumatini mazkur qaroridan ogoh etadi. Qirg’izistonda bo’lib turgan fuqarolarni zarur holatlarda Bishkekdagi elchixona bilan bog’lanishi tavsiya etiladi.

Koronavirus epidemiyasiga qarshi kurash hafta boshida Prezident Mirziyoyev boshqaruvida o’tgan yig’ilishda ham muhokama qilindi.

Mirziyoyev tegishli vazirliklar, idoralarni bu boradagi chora-tadbirlarni kuchaytirishga, mamlakat viloyat, tumanlarida Sog’liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya- epidemiologik osoyishtalik agentligini alohida markazlarini ochishga topshiriq bergan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG