Yangi koronavirus immuniteti zaif insonlar va keksalar uchun halokatli ekani ma’lum. AQShda dastlabki o’lim holatlari Vashington shtatidagi qariyalar uyida yuz berdi. Virus, ayniqsa, keksalar uchun xatarli ekani mutaxassislarni xavotirga solmoqda.
AQShdagi ilk koronavirus fevral oxirida Vashington shtati Kirkland shahridagi qariyalar uyida aniqlandi.
Shu paytgacha shtatda 20 dan o’rtiq o’lim qayd etildi. Ularning aksariyati Kirklanddagi keksalar markazidan.
Venessa Felps qattiq qayg’uda. Chunki uning 90 yoshli onasi shu markazda yashaydi.
Qariyalar uyi karantinga olingandan beri u onasini ko’rgani yo’q.
“Onam o’zini qamoqdagidek his qilyapti, tushkun va asabiy. Uni ko’rgani bormaganim ham asabiga ta’sir qilyapti”, - deydi Venessa.
Sog’liqni saqlash mutaxassislari ham xavotirda.
Kasallanganlar soni ortib borar ekan, mamlakat bo’ylab qariyalar uylariga virus yoyilishi xavfi yuqori.
“Shunday xavotir vor. Vashington shtatidagi vaziyat bu virusning keksalar va immuniteti zaiflar uchun halokatli ekanini ko’rsatib berdi. Qari insonlar bir joyga yig’ilgan markazlarni virusdan xoli saqlash uchun keskin choralar ko’rish kerak”, - deydi doktor Glen Vortman.
“Vashington shtatidagi holat ayanchli. Qariyalar yashaydigan uylarda virus tarqalishi birinchi kundanoq bizning xavotirimiz edi”, - deydi mutaxassis Anne Shuchat.
Koronavrusni tekshirish vositalarining yetishmasligi yana bir muammo. Kerakli jihozlar kelguncha qariyalar karantinga olingan.
Bu esa ularning Venessa kabi oila a’zolarini sarosimaga solmoqda.
“Bu kabi favqulodda vaziyatlar yuz bersa, siz tayyor turishingiz kerak edi. Virusga chalinganlar va chalinmaganlar ajratilishi kerak. Hammani tekshirish kerak. Oxirgi yetti kunda meni ikki marta tekshirishdi, lekin onam hanuz tekshirilmagan”, - deydi Venessa.
Mutaxassislarga ko’ra, chora ko’rilmoqda. Mamlakat bo’ylab boshqa markazlarga ham ko’rsatmalar jo’natilgan.
“Agar qariyalar uyi rezidenti tumovga o’xshagan kasallik, masalan, isitma, yo’tal yoki nafas olish qiyinlashishiga uchrasa, xodimlar nafaqat uni tekshirib, kerakli davoni qo’llashi, balki boshqalarga yuqishining ham oldini olishi kerak”, - deydi Merilend Sog’liqni saqlash departamenti mutaxassisi Klif Mitchel.
Agar virus yuqtirish ehtimoli bor vaziyatga tushgan bo’lsa, xodimlar va tashrif buyuruvchilar ham karantinga olinmoqda.
Venessa Felps shundaylardan biri.
“Karaxtman. Yetti kundan beri shu holatdaman. Ortiq yig’lashga ham holim yo’q. Shunday qilishga majburman. Chunki o’zimni ehtiyot qilishim kerak”, - deydi u.
Facebook Forum