O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni imzolagan farmonga ko'ra, koronavirusga qarshi kurash yo'lida 10 trillion so'm ajratiladi. Inqirozga qarshi jamg‘arma tuziladi.
Prezidentning aytishicha, davlat koronavirus tarqalashining oldini olish uchun shifoxonalarni dori, himoya va diagnostika vositalari bilan ta’minlaydi, shuningdek, karantin xarajatlarini o‘z vaqtida moliyalashtirishga bel bog'lagan.
Bu kurashda respublika bo'ylab 5,5 ming nafar tibbiy xodim jalb etilib, oylik maoshi 120 foizga oshiriladi.
Kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va profilaktikaga e’tiborni kuchaytirish, buning uchun barcha hududiy yuqumli kasalliklar shifoxonalarini ekspress-testlar bilan ta’minlash buyurilgan. Prezident deydiki, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga karantinga olingan fuqarolar nazoratini ta’minlash yuklatildi.
Koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan sohalarga soliq ta’tillari beriladi. Kredit imtiyozlari va byudjet ssudalari ajratish ham ko'zda tutilgan. Xususan mehmonxona biznesi va turizm, transport-logistika, umumiy ovqatlanish muassasalari, tashqi savdo korxonalari taqdiri haqida gap ketmoqda. Bu sektorlar uchun kredit muddatlari uzaytirilib, turistik yig‘imlarni undirish vaqtincha to‘xtatiladi.
Hokimlar iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan korxonalardan mahalliy soliq undirishni 6 oygacha kechiktirishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning daromad solig‘i, fermerlarning suv solig‘i 50 foizga kamaytiriladi.
2020-yilning oxirigacha soliq tekshiruvlariga moratoriy e’lon qilinib, qiynalib qolgan korxonalarga soliq qarzlari uchun penya hisoblanmaydi.
"Bunday qiyin sharoitda tadbirkorni birorta tekshiruvchi bezovta qilmaydi," deyiladi prezident idorasi bayonotida.
Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlari ta’minlanadi, deydi Mirziyoyev.
Karantinda farzandlariga qarayotgan ota-onalar ishdan bo‘shatilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi 100 foiz to‘lanadi.
"Maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari faoliyati to‘xtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat ta’tilidan foydalanishning yillik rejasidan qat’i nazar yillik mehnat ta’tili taqdim etiladi", - deyiladi rasmiy bayonotda.
Inqirozga qarshi jamg‘armadan Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratilib, odamlarni ish bilan ta’minlash, mahallalarda qo‘shimcha infratuzilma obyektlari qurish uchun sarflanadi.
Farmonga ko'ra, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 500 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilib, ish o‘rinlari yaratadigan biznes subyektlarga ko‘maklashiladi.
Bosh vazir Inqirozga qarshi respublika komissiyasi tuzib, 22-martdan e'tiboran "ikki oy davomida har bir tuman va shaharda koronavirusga qarshi kurashish, sanoat, xizmat ko‘rsatish, savdo, transport, logistika va boshqa korxonalarni barqaror ishlatish masalalarini hal qilib boradi".
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi bozorlardagi narx-navoni kuzatib borib, zaruratga qarab, qo‘shimcha mahsulotlarni savdoga chiqaradi.
Facebook Forum