Breaking News

Nyu-Yorkda bu hafta ikki o'zbekistonlik koronavirusdan vafot etdi


Bruklin, Nyu-York, 2-aprel, 2020
Bruklin, Nyu-York, 2-aprel, 2020

Nyu-York shahrining Bruklin tumanida bu hafta ikki o'zbekistonlik koronavirusdan vafot etdi. Biri erkak, biri ayol. Yoshlari 50-60 orasida. Qo'shma Shtatlarda doimiy yashab, ishlab kelgan odamlar. Oilalari ham shu yerda.

Marhum erkak Nyu-Jersi shtatida dafn etilgan, koronavirusdan jon berganlar bo'yicha qoidalar asosida. Marosimda oz odam qatnashgan. Janoza o'qilgan, lekin boshqa urf-an'analar chetlab o'tilgan. Bugunning achchiq haqiqati, dedi guvohlar.

Nyu-York shahrida o'n minglab o'zbekistonliklar yashaydi. Hududda keng tarqalgan koronavirusdan aziyat chekayotganlar orasida ular ham anchagina. "Amerika Ovozi" ularning ayrimlarining oila a'zolari bilan gaplashib turibdi.

Bemorlar orasida homilador ayollar bor, qolaversa yoshlar va keksalar. Kasalxonalarda joy yetishmagani bois va ahvoliga qarab, shifokorlar muayyan talablar bilan ba'zilarni uyiga jo'natgan. Og'irlashsa, kasalxonalarga qaytarilgan hollar bor.

Vatandoshlar orasida virusdan o'lim hollari yuz berganida va umuman fuqarolar hozirgi favqulodda holatlarda O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi konsulligi bilan bog'lanishi tavsiya qilinadi. Vakolatxonalar har jihatdan ko'mak ko'rsata olmasligi mumkin, lekin elchixona va konsullik hujjatlar va boshqa zaruratlar borasida ko'maklashishga tayyor ekanini eslatib turibdi.

Bruklin, Nyu-York
Bruklin, Nyu-York

"Vatandoshlar orasida kasallanganlar ko'p"

“Amerika Ovozi” manbalari Nyu-Yorkning Bruklin tumanida aprel oyining boshidan shu kunga qadar kamida ikki o'zbekistonlik o'lganini tasdiqlar ekan, og'ir ahvolda yotganlar borligini ham yashirmaydi. O'nlab vatandoshlar turli sabablar bois koronavirusni yuqtirgan bo'lishi mumkinligidan xavotirlanib tekshiruvdan o'tmoqda. Bundaylar soni ayniqsa so'nggi ikki haftada ko'paygan.

3-aprel kuni Bruklindagi kasalxonalardan birida joni uzilgan o'zbekistonlik ayolning yaqinlari u COVID-19 dan vafot etganini tasdiqladi. Yoshi 60 dan oshgan bu ayol 9 yildan buyon AQShda doimiy yashab kelgan.

Qariyalarga xizmat ko'rsatish tizimida ishlagan marhuma ancha yillar davomida qand kasalligidan aziyat chekib kelgan. Ikki hafta oldin tobi qochib kasalxonaga tushgan, uyda izolyatsiya sharoitida davolanish tavsiyasi bilan javob berilgan, ammo bir hafta o'tib og'irlashgan va yana kasalxonaga olib ketilgan.

Marhumaning yaqinlari hozirda mayitni diniy talablarga muvofiq dafn etish uchun kasalxona bilan muloqotda. Bu ishda ularga mahalliy masjidlardan biri va oilaning do'stlari yordamlashmoqda.

Nyu-York
Nyu-York

Undan bir kun oldin boshqa o'zbekistonlik, 51 yashar erkak ham yerga qo'yilgan. Marhumning oilasiga yaqin manbalar u ham koronavirusdan vafot etganini “Amerika Ovozi”ga aytdi.

6-7 yildan buyon AQShda o'z oilasi bilan doimiy yashab kelgan bu vatandosh ham qand kasalligidan qiynalgan. Ustachilik bilan mashg'ul ekan, mart oyining o'rtalarida o'pkasi qattiq shamollab, kasalxonaga tushgan. Pnevmoniya uning holatini yanada og'irlashtirgan.

Voqeadan xabardor vatandoshlarga ko'ra, mayit pandemiya sharoitida joriy qilingan qoidalarga rioya qilingan holda ko'mish uchun yaqinlariga qaytarilgan. Jasadni olishda bu oilaga ham mahalliy masjidlardan biri va oilaning do'stlari yordamlashgan.

Marhum Nyu-Jersi shtatidagi qabristonda dafn etilgan, ammo qoidaga amal qilgan holda janozada ishtirok etganlar soni 10 kishidan oshmagan. Tobut ochilmagan.

Vatandoshlar bilan ishlayotgan faollarga ko'ra, koronavirusdan o'lgan vatandoshlar bilan bog'liq holatda hozirga qadar mayitlar diniy talablar asosida ko'milishiga erishildi. Bunda mahalliy masjidlar va yaqinlarining shu haqdagi so'rovlari muhim rol o'ynagan.

Nyu-York shahrida o'zbekistonliklar orasida "Amerika Ovozi" ga ma'lum bemorlar soni 10 dan oshdi. Ularning eng yoshi 29-30 da.

Nyu-Yorkdagi konsullik vatandoshlar bilan aloqada ekanini qayd etib, mana shunday mas'uliyatli damlarda vatandoshlarning ham konsullik bilan aloqada bo'lishlari zarurligini eslatadi.

Eslatib o'tamiz, Nyu-York - o'zbekistonlik immigrantlar zich istiqomat qiladigan megapolis. Vatandoshlarning taxminlariga ko'ra, Nyu-York va uning atrofida kamida 50 ming o'zbekistonlik yashaydi.

Bugunga kelib, AQShda koronavirusga chalinganlar 300 mingdan oshgan. O'lganlar qariyb 8500. Tuzalganlar 15 mingga yaqin. Bemorlarning uchdan biri, 115 mingga yaqini, Nyu-Yorkda. O'lganlar bu shtatda 3500 dan ko'p, sog'ayganlar esa 10 ming 500.

Jahon bo'ylab virusni yuqtirganlar 1 million 200 ga, vafot etganlar esa 65 mingga yaqinlashmoqda. Tuzalganlar 246 mingdan ziyod.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG