Breaking News

Nyu-Yorkda vatandoshlar orasidan shum va xush xabarlar


Nyu-York shahri va shtati AQShda koronavirusga qarshi kurashning asosiy maydoni bo'lib qolmoqda
Nyu-York shahri va shtati AQShda koronavirusga qarshi kurashning asosiy maydoni bo'lib qolmoqda

6-aprel kuni Nyu-York shahrida yana bir o'zbekistonlik COVID-19 yuqishi ortidan vafot etdi. 51 yashar erkak 5 kun oldin og'ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

Maxsus ventilyator vositasida o'pkasiga sun'iy nafas berib turilgan. Koma holatiga tushirilib muolajalar qilingan. Yaqinlari marhumni musulmonlar qabristonida dafn etish choralarini ko'rmoqda.

Bu AQShdagi vatandoshlar orasida pandemiya davrida "Amerika Ovozi” manbalari tasdiqlagan uchinchi o'lim. O'tgan hafta Nyu-Yorkning Bruklin tumanida 51 yashar erkak va 69 yashar ayol koronavirusdan jon bergan edi. Ular Nyu-Jersi shtatidagi musulmonlar mozoriga dafn etildi.

Bugungi kunda yana bir necha o'zbekistonlik Nyu-York shtatining turli kasalxonalarida o'rta va og'ir ahvolda yotgani ma'lum. O'nlab vatandoshlar tekshiruvdan o'tayotganligi qayd etiladi. Virus aniqlanayotganlar oz emas, deydi vaziyatni kuzatib turgan faollar. Ular, O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi konsullik bu mamlakatdagi barcha vatandoshlarni pandemiyaga qarshi ko'rilayotgan federal va mahalliy choralarga amal qilishga chorlagan.

Vaziyat murakkablashib borar ekan, odamlarni o'z vaqtida qo'llab-quvvatlab turish, O'zbekistonga yordam tashkil etish maqsadida o'zbek jamiyati faollari maxsus xayriya fondi tashkil etishga kirishgan. Bu ishda ularni Nyu-Yorkdagi konsulligi dastaklagan.

“Amerika Ovozi”ning aniqlashicha, Nyu-Yorkda o'zbekistonliklar orasida COVID-19 ga chalinib, muolaja samarasi o'laroq sog'ayganlar ham bor. Shulardan biriga 6-aprel kuni kasalxonada bir hafta davolangach uyiga javob berilgan. Bu vatandoshning yoshi 60 dan oshgan, ayol kishi. Unga yana bir hafta uy sharoitida karantinda o'tirish tavsiya qilingan.

AQShda koronavirusga chalinganlar, so’nggi raqamlarga ko’ra, 377 322 ming. 11 773 nafar kishi virusdan vafot etgan. Oq uyga ko'ra, kuniga o'rtacha 125 ming odam tekshiruvidan o’tmoqda.

“Amerika Ovozi” vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG