Tolibon mahbuslarni ozod qilish bo’yicha Kobuldagi hukumat bilan muzokaralarni to’xtatib, bu masalada AQShga yuzlanishini bildirdi. Guruhga ko’ra, Afg’oniston hukumati vakillari bilan gaplashishdan foyda yo’q.
AQSh va Tolibon o’rtasida fevral oyi oxirida tuzilgan kelishuvga ko’ra, rasmiy Kobul hibsdagi 5000 tolibni ozod qilishi kerak edi.
“Amerikaliklar bilan gaplashib, ular bizga bergan va’dasining ustidan chiqishi lozimligini eslatamiz. Agar shuni bajarishsa, tinchlik jarayoni davom etadi. Agar bajarilmasa, davom etmaydi”, - dedi Tolibonning Qatar poytaxti Doxada joylashgan idorasi so’zlovchisi Suhayl Shahin.
Shahinning aytishicha, Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani o’tgan oy amerikaliklar huzurida o’tkazilgan videomuloqot paytida bergan va’dasini buzyapti.
“Mahbuslar 31-martda ozod qilinishiga barchamiz kelishgan edik. Mahbuslarimizni aniqlash va tasdiqlash uchun Kobulga vakillarimizni jo’natishimizni so’rashdi. Jamoamizni jo’natganimizda esa, Kobul ma’muriyati va’dasini bajarmadi. Aksincha, ortga surib yuribdi”, - dedi Shahin.
Afg’oniston hukumati esa kechikishda Tolibonni aybladi.
Mahalliy boshqaruv bo’yicha mustaqil hay’at rahbari Matin Bekning aytishicha, Afg’oniston hukumati 400 tolibni zudlik bilan ozod qilishga tayyor edi, ammo Tolibon yirik xurujlarga aloqador va xavfsizlik uchun katta tahdid sifatida ko’rilgan 15 yetakchi qo’mondonni ozod qilishni talab qilgan.
Agar bu qo’mondonlar jang maydoniga qaytsa, bir qancha viloyatlar Tolibon nazoratiga o’tishi mumkin, deya qo’shimcha qildi u.
Matin Bekka ko’ra, hukumat mahbuslarni ozod qilishni quyi darajadan boshlab, zo’ravonlik kamayishi ortidan boshqa yuqori darajali toliblarni ozod qilishni rejalagan.
Shahin esa ozod qilinishi so’ralgan 15 shaxsning yuqori darajali qo’mondon bo’lganini rad etdi.
“5000 kishilik ro’yxatdagi bu 15 shaxs boshqa Tolibon mahbuslarini aniqlash va tasdiqlashda kerak bo’lgani uchun tanlab olingan”, - dedi u.
Uning qo’shimcha qilishicha, Tolibon ozod bo’lgan mahbuslarning janggi qaytmasligini allaqachon kelishuv sharti sifatida kafolatlagan.
Kelishuv ortidan yo’lga qo’yiladigan muzokaralarning ikkinchi bosqichi mahbuslarning ozod qilinishi bilan boshlanishi kerak edi.
G’ani ma’muriyati Tolibon bilan muzokara olib borish uchun 21 kishilik guruh tuzdi. Tolibon dastlab bu guruhni keng qamrovli emas, deya rad etdi, lekin Shahinga ko’ra, bu fikr o’zgarishi mumkin.
“Guruh faqat hukumat vakillaridan iborat degan shikoyatni ko’p eshityapmiz. Agar u hammani qamrab oluvchi guruh bo’lsa, qarashimizni o’zgartiramiz”, - dedi u.
Shahinning qo’shimcha qilishicha, Tolibon bitim doirasida hujumlarni kamaytirishiga qaramay, AQSh va uning ittifoqchilari Tolibonni hujumga olishda davom etmoqda.
Afg’onistondagi AQSh kuchlari so’zlovchisi polkovnik Sonni Leget bu ayblovni asossiz deb atadi.
“AQSh kuchlari Tolibon bilan tuzilgan kelishuvning harbiy shartlariga rioya qilyapti va shunday qilishda davom etadi”, - dedi u “Twitter” orqali bayonotda.
AQSh va Tolibon o’rtasidagi kelishuvga ko’ra, isyonchi guruh va Kobuldagi hukumat muzokaralarning keyingi bosqichida doimiy tinchlik bitimini tuzishi kerak.
Facebook Forum