Jamol Salmon va yana to’rt falastinlik Isroilning Tel-Aviv shahridagi qurilishda ishlaydi. Ish beruvchi ularni turar-joy, qo’lqop va yuz niqobi bilan ta’minlagan.
Ammo Isroilda koronavirus kuchayganidan xavotirga tushgan rafiqasi Salmondan G’arbiy sohildagi uyiga qaytishni so’rab iltijo qildi. Natijada Salmon o’tgan hafta oilasi yoniga qaytdi.
Hozir u uyining yerto’lasida karantinda o’tiribdi. Rafiqasi va besh farzandinining oldiga chiqa olmaydi. Tel-Avivda u oyiga 1500 dollar maosh olgan va bu oilasini boqishga yetardi. Hozir endi ishsiz.
“Koronavirus haqiqiy urushga o’xshaydi. Hamma jabr ko’ryapti”, - dedi Salmon.
Koronavirus epidemiyasi Isroilda ishlaydigan o’n minglab falastinlik ishchilar uchun yangi muammolar yaratdi. Ular Isroilda qolib ishni davom ettirishlari mumkin, ammo chegarani kesib Falastinga o’tsa, Isroilga qaytib kira olmaydi.
Isroil ham, Falastin ham mart o’rtalarida koronavirus tarqalishini to’xtatish uchun keskin choralarga qo’l urdi. Chegara va hududlar bo’ylab sayohat deyarli imkonsiz holatga keldi.
Mehnat muhojirlari Isroilda qolishiga ruxsat berildi. Qishloq xo’jaligi va qurilish kabi sohalar muhim sektorlar sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.
Falastinliklar G’arbiy sohildan ko’ra Isroilda yaxshiroq haq oladi. Ko’plab ishchilar chegara ortida ishlab, Falastindagi oilasini boqadi.
Ishini tashlab G’arbiy sohilga qaytganlar ko’p. Minglab odam Pasxa bayrami oldidan qaytishni lozim topgan. Chunki bayram mavsumida ishlar to’xtaydi. Falastin Mehnat vaziri Nasri Abu Jayshning aytishicha, 7-aprelning o’zida 8000 ishchi uyiga qaytgan.
Minglab migrantlarning qaytishi ham mamlakat iqtisodiyoti, ham aholi sog’ligi uchun katta tahdid, deydi kuzatuvchilar.
Falastinda shu paytgacha koronavirusga chalinganlar soni 263 tani tashkil qilmoqda. Bitta o’lim holati yuz bergan. Rasmiylarning aytishicha, kasallanganlarning 73 foizi Isroildan kelgan ishchilarga aloqador. Isroilda virusga chalinganlar soni 9400 dan ortiq, kamida 72 kishi vafot etgan.
Falastin hududiga kirib kelgan har bir shaxs to’xtatilib, harorati tekshirilmoqda. Isitmasi borlar to’g’ri kasalxonaga, qolganlar 14 kunlik uy karantiniga jo’natilmoqda.
Ishchilarning Isroilga qaytib kirishi taqiqlangan. Chegaradagi xavfsizlik xodimlari falastinliklarga berilgan ish ruxsatnomalarini tortib olmoqda.
Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotining (JSST) Falastin bo’yicha rahbari Jerald Rokenshaub Falastinning koronavisurga qashi ko’rayotgan choralarini olqishladi.
Ayni paytda, agar G’arbiy sohilda virus keng tarqaladigan bo’lsa, mutaxassislar Falastin sog’liqni saqlash tizimi buni ko’tara olmasligi haqida ogohlantirmoqda. JSST ma’lumotiga ko’ra, hududda faqat sun’iy nafas olish moslamalari bialn jihozlangan faqat 213 o’rinli jonlantirish bo’limi bor. Aholi soni esa 2,5 million atrofida.
Isroil va Falastin blokadasida qolgan G’azo mintaqasida esa vaziyat yanada qaltis.
Facebook Forum