Breaking News

AQShda koronavirus qurbonlarining katta qismi qora tanlilar


Luiziana shtatida koronavirus qurbonlarining uchdan ikki qismini qora tanli aholi vakillari tashkil etmoqda. Shtatda afro-amerikaliklar aholining uchdan bir qismiga to’g’ri keladi.

Raqamlar borasida yakuniy xulosa qilishga hali erta. Biroq ayni damda afro-amerikaliklar COVID-19 qurbonlarining katta foizlarini tashkil etayotgani kuzatilmoqda.

Mississippi shtatida qora tanlilar 38 foizni tashkil etadi. Biroq koronavirusdan vafot etganlarning 50 foizdan ko’pro’g’i afro-amerikaliklardan iborat.

Alabamada virus qurbonlarining 43 foizi qora tanli. Shtatda esa ular 27 foiz xolos.

Ko’rsatkichlar janubiy shtatlar bilan chegaralanib qolmagan. Bunday nisbatni Illinoys va Michigan shtatlarida ham kuzatish mumkin. Xususan, shaharlarda.

Chikago meri Lori Laytfutning aytishicha, “shahardagi o’limlar ulushi kishini dahshatga soladi”. Qurbonlarning 72 foizi qora tanlilar. Amalda, afro-amerikaliklar shahar aholisining 30 foiziga to’g’ri keladi.

Faktlar qora tanlilarning koronavirusga chalinish ehtimoli yuqori ekanligini anglatmaydi.

“Biz afro-amerikaliklar organizmi virusni yuqtirishga “moyil” degan fikrdan yiroqmiz. Qo’limizda bunga ilmiy asos ham yo’q. Biroq o’limlarning katta qismi ana shu qatlam vakillariga to’g’ri kelmoqda”, - deydi Oq uyning Koronavirusga qarshi kurash ishchi guruhi koordinatori Debora Byorks.

Ekspertlarga ko’ra, qora tanlilarning haq-huquq va imkoniyatlaridagi cheklovlar o’limlar nisbatining joriy holatiga sabab bo’lmoqda. Jumladan, qora tanli aholi orasida ishsizlik ham, surunkali kasalliklar ham yuqori darajada.

“Salomatlik borasida ham statistika shunday. Qandli diabet, gipertoniya, semizlik va astma kasalliklari ozchilikni tashkil etuvchi qatlam orasida urchigan. Xususan, afro-amerikaliklar orasida. O’limlar nisbati ham ana shundan kelib chiqadi. Bu muammoni ayni damda hal qila olmaymiz. Biroq ularga yuksak darajada tibbiy xizmat ko’rsatilishini ta’minlaymiz”, - deydi Allergik va infeksion kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchi.

Afro-amerikaliklar orasida tibbiy sug’urtasizlar ham ko’proq. 2018-yilda qora tanlilarning 11 foizida, oq tanlilarning yetti foizida sug’urta bo’lmagan.

Qora tanlilarning 22 foizi qashshoqlikda kun kechiradi. Bu ko’rsatkich oq tanli aholi orasida 9 foizni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG