Ko'pchilik koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy masofalanish sharoitiga ko’nika olmayotgan bir paytda ba'zilar uchun bu odatdagi hayot tarziga aylangan. Natsha Myurrey ana shunday insonlardan biri.
Natasha Myurrey Oklend shahridagi kvartirasidan turib 1200 chaqirim naridagi Vashington shtati Sietl shahridagi klubda ishlaydi. Jismonan hozir bo’lmasa ham, avatar shaklidagi surati ekranda namoyish qilinadi. Kasbi – dijeylik. Mijozlar ham uydan turib klubda virtual raqsga tushadi.
"Ko'p vaqtimni virtual voqelik texnologiyalari bilan o'tkazaman, rassomchilik, haykaltaroshlik, shuningdek, dijeylik bilan shug'ullanaman", - deydi Natasha.
Ko'pchilik o'z uyidan chiqa olmay xunob bo’layotgan bir paytda Natasha kabi san’atkorlarning ijodi gullamoqda.
Natasha virtual voqelik dunyosida "Nattyice" yoki "Illuminatty" nomi bilan tanilgan. Rassom va dijey sifatida ko’pchilikka yaxshi tanish.
"Men san’at sohasida o’qiganman. Virtual voqelik texnologiyasini birinchi marta ko'rganimda, kelajak shu va uni sinab ko'rishim kerak, deganman", - deydi u.
Natasha tez orada San-Fransisko shahridagi virtual voqelik tanlovlari orqali o'zini tanitdi. Nyu-Yorkdagi VR haykaltaroshlik musobaqasi bo’lgan "Tokioga yo'l" teleko'rsatuvida ham muvaffaqiyatli qatnashdi.
"Hech qachon loy bilan haykal yasamaganman va musobaqada 20 yildan ortiq uch o'lchovli modellar bilan ishlagan kuchli mutaxassislarga qarshi bellashdim. Haqiqiy hayotda virtual voqelik bilan nimalar qilish mumkinligi haqida bu tanlov menga yaxshi tajriba bo’ldi", - deydi u.
Natasha o’zi uchun yangi dunyo yaratmoqda.
"Men bu obyektni “Oculus Medium”da yasadim, so'ng virtual bo’yoqlar bilan bezadim; har bir belgini qo'l bilan chizdim. Keyin uni chiroqlar bilan yoritdim”, - deydi rassom.
“Uning ishi meni chindan ham hayratga soldi. U o’ziga xos uslubga ega. Uslublar ko’p. Uning ishi sodda, lekin muakkal ko’rinadi", - deydi mutaxassis Jeyson Glyuk.
Jismoniy izolyatsiya sharoitida ishlayotgan bo'lsa ham, virtual voqelik Natashaga boshqalar bilan yanada chuqurroq aloqa o'rnatishga yordam beryapti.
"Haqiqiy dunyo bilan yanada yaqinroq aloqa qila olaman, chunki men odamlarni boshqacha ko'raman: ularning kelib chiqishi, yoshi, irqi va millatini ko'rmayman. Bularning barchasi orqa fonda yo'qoladi”, - deydi u.
Ammo real voqelikda bu ma’lumotlardan ko’z yumib bo’lmaydi. Virtual va haqiqiy dunyo o’rtasidagi asosiy farq ham shunda bo’lsa ajab emas.
Facebook Forum